Biz yo'qotayotgan bog'
Mutaxassislar — Toshkentni ko'kalamzorlashtirish muammolari haqida
Biz yo'qotayotgan bog'. Mutaxassislar — Toshkentni ko'kalamzorlashtirish muammolari haqida
O'zbekiston poytaxti "Toshkent — bog'-shahar" g'oyasi ustiga qurilgan. Biroq keng ko'lamli qurilishlar, daraxtlarni kesish, ularni noto'g'ri parvarishlash va aholi salomatligi bilan bog'liq muammolar ko'kalamzorlashtirishning o'z yechimini kutayotgan tizimli muammolaridan dalolat bermoqda, deydi mutaxassislar. Aks holda, biz o'zimiz yashayotgan bog'ni yo'qotamiz.
O'zbekiston poytaxti "Toshkent — bog'-shahar" g'oyasi ustiga qurilgan. Biroq keng ko'lamli qurilishlar, daraxtlarni kesish, ularni noto'g'ri parvarishlash va aholi salomatligi bilan bog'liq muammolar ko'kalamzorlashtirishning o'z yechimini kutayotgan tizimli muammolaridan dalolat bermoqda, deydi mutaxassislar. Aks holda, biz o'zimiz yashayotgan bog'ni yo'qotamiz.
Rossiya imperatori Pavel Birinchi 1800-yilda Markaziy Osiyoga konchilik bo'yicha muhandis, josus Timofey Burnashev va chegara xizmati zobiti Mixaylo Pospelovdan iborat maxfiy delegatsiya jo'natadi. Ular Toshkentga kirib kelar ekan, ostida bir tekis pastak binolarni yashirgan "bepoyon bog'" qarshisidan chiqadi. Choyxona, madrasa va masjidlar uzra qad ko'targan uzumzorlar, tutlar va qayrag'ochlar sayohatchilarda katta taassurot qoldiradi. Ular aholi daraxt va butalarni ko'chalarga emas, o'z hovli va tomorqalariga ekishlarini payqaydi.
Qo'qondagi xususiy hovli.
Manba: "O'rta Osiyo shaharlarini ko'kalamzorlashtirish", Zalesskaya.
Tarixiy manbalar shuni ko'rsatadiki, Toshkentda yirik ko'chalarni ko'kalamzorlashtirish madaniyati va imkoniyati mavjud bo'lmagan. Sovet me'mori Lyubov Zalesskaya o'zining "O'rta Osiyo shaharlarini ko'kalamzorlashtirish" kitobida qayd etishicha, shaharlarning "tor muyulishli" eski qismlarida, shu jumladan, Toshkentda ham "deyarli barcha yashilliklar xususiy hovlilar, tomorqalardan joy olgan".

Ko'kalamzorlashtirish madaniyati Turkiston o'lkasining Rossiya imperiyasi tomonidan mustamlaka qilinishi bilan kirib kelgan. Zelesskayaning yozishicha, Toshkentning yangi, Yevropa qismida "o'tish joylari uzra bahaybat qayrag'ochlar shoxlari „o'rimidan" uzluksiz tunnel hosil bo'ladi, mirzateraklarning tik yorqin tanalari ko'chani bezab turgan ustunlar safini esga soladi. Keng tojli chinorlar, emanlar, zaranglar, kashtanlar ko'chalarga quyuq soya tashlab turadi".
Eski va yangi Toshkent 1914-yil xaritasida. Qizil rang — bino-inshootlarni, yashil rang — yashil maydonlarni ifodalaydi.
Manba: Osiyo Rossiyasi Atlasi
1966-yilgi zilzila bir yarim million daraxtni yo'q qildi va Toshkentni ko'kalamzorlashtirish tarixida yangi davrni boshlab berdi. Bosh reja mualliflari nafaqat aholini "kvadrat metr" bilan ta'minlash, balki daraxtlarga ham e'tibor qaratishni o'z oldilariga maqsad qilib qo'yishdi.

Loyihachilar Toshkentning yashil belbog'ini magistral kanallar, birinchi navbatda, Bo'zsuv atrofida barpo etdilar. Yashil maydonlarni kishi boshiga 30 kvadrat metrga, aholi dam olishi uchun istirohat bog'lari va suv omborlari hududini esa 8 ming gektargacha oshirish rejalashtirilgan edi. Ular poytaxtni umumiy maydoni 25 ming gektar bo'lgan yashil chiziq bilan qamrab olish istagida edi.

Loyihachilar o'z rejalarini amalga oshira oldimi yoki yo'q — "Gazeta.uz" buni aniqlashga muvaffaq bo'lmadi. Biroq, bir narsa aniq: poytaxt loyihachilariga "Toshkent — bog'-shahar, kanallar tarmog'i kesib o'tgan, atrofi istirohat bog'lari va daraxtzorlar bilan o'ralgan go'zal binolar shahri", degan g'oya turtki bo'lgan. "Gazeta.uz" muxbiri Jahongir Azimov nima uchun Toshkent bog'-shahardan tosh-shaharga aylanib borayotganini tahlil qildi.
реклама
реклама
Ma'lumot bormi?
Daraxtlarning kesilishi, havoda chang konsentratsiyasining oshishi, amalda ishlamaydigan moratoriy zamonaviy Toshkent uchun odatiy holga aylandi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov yaqinda "Gazeta.uz"ga bergan intervyusida O'zbekistondagi ekologik vaziyatni "juda og'ir" deb atadi.

Toshkentni ko'kalamzorlashtirish bo'yicha har yili bir qancha me'yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinadi, rasmiylar hayratlanarli darajada ko'p sonli daraxt ekish rejalari haqida so'z yuritadilar. Ular tomonidan yangragan va hujjatlarda qayd etilgan raqamlar bir-biridan keskin farq qiladi, bu esa ishonchli ma'lumotlarning mavjud emasligidan dalolat beradi.
Toshkent shahridagi daraxtlar soni va yashil maydonlar haqida aniq ma'lumotlar mavjud emasligiga qaramay, shaharda yashillik sezilarli darajada kamayganligiga mutaxassislar va poytaxt aholisining ishonchi komil.

"Hamma narsa pulga borib taqaladi, — deydi "Gazeta.uz"ga O'zbekiston landshaft san'ati uyushmasi raisi Tatyana Yugay. — Shaharda yer — juda katta pul turadi. Istirohat bog'lari ichida mehmonxonalar, bolalar maydonchalari, turar-joy majmualari qurilmoqda".

O'zbekistonda qurilish maydonlari uchun hududlarni tozalashda butun boshli o'rmonlar kesilmoqda. 2019-yilning atigi 9 oyida Ekologiya davlat qo'mitasi tomonidan qurilish ehtiyojlari uchun 63,5 ming tup daraxtni kesishga ruxsat berilgan — va bu faqat qonun doirasidagisi.

Kesilgan o'simliklarning o'rnini qoplash uchun yangi daraxtlar ekish, kamdan-kam istisnolardan tashqari, hisobdorlik uchungina amalga oshiriladi. Hatto shaharlarimizga bog'larni qaytarish bo'yicha ishlab chiqilgan "Yashil makon" milliy dasturida ham yiliga 200 million tupdan daraxt ekish vazifasi qo'yilgan, ularni o'stirish emas. Shuning uchun daraxtlar ko'pincha sug'orish muammosini hal qilmagan holda o'tqazilmoqda.

O'rmon xo'jaligi instituti ilmiy kotibi Bahram Mamutovning "Gazeta.uz"ga ma'lum qilishicha, shaxsiy kuzatuvlariga ko'ra, poytaxtda ikki metr balandlikdagi "voyaga yetgan" ko'chatlar ekilmoqda, biroq sug'orilmay qolayotgani ularning qizib ketishiga sabab bo'lmoqda. Noodatiy issiq harorat kuzatilgan 2023-yilning iyun oyida, hatto voyaga yetgan daraxtlarning barglari ham issiqdan va suvsizlikdan qovjirab qoldi. Shunday ekan, ildiz tizimi rivojlanmagan va hali yer osti suvlarigacha yetib borolmaydigan yosh daraxtlar haqida nima ham deyish mumkin?!

Tatyana Yugayning so'zlariga ko'ra, Toshkentda daraxtlar yomg'irlatish usulida sug'oriladi — ularga suv favvoralardan yomg'irdek sepiladi. Biroq, bu usul daraxtlarni emas, ko'proq maysazorlarni sug'orish uchun mos, deydi mutaxassis.
Yangi ko'chatlar va o'simliklar yomg'irlatish usuli bilan sug'orilmoqda.
Surat soat 14:51 da, "Beruniy" metro bekati chiqish joyida olingan.
"Yomg'irlatish o'simliklarning ildizlarini oziqlantirmaydi va ularni zaif qilib qo'yadi. Ko'chatlar va yosh daraxtlar purkash orqali suv ichganida, ularning ildizlari yer osti suvlariga chuqurroq kirib borish o'rniga suv izlab yuqoriga ko'tariladi. Bu sirtda joylashgan ildizlarni zaiflashtiradi. Qishda bunday ildiz tizimiga ega daraxtlar qorning og'irligidan egilib qolishi mumkin. Daraxtlarni suv tashuvchilar vositasida sug'orish ham samarasiz, chunki suv ildizgacha yetib bormaydi", — tushuntiradi Tatyana Yugay.
O'zbekistonning shahar va qishloqlarida ko'kalamzorlashtirish bo'yicha qo'llanma yozgan biolog olimlar Igor Kuzmichev va Vladimir Pechenitsin ham "sug'orish mashinalari vositasida sug'orish tuproqning talab darajasidagi chuqurlikda namlanishini ta'minlamaydi", deb hisoblaydi.

Bahram Mamutovning fikricha, har bir ko'chatga haftasiga 20−50 litr suv kerak. Kembrij universiteti biologiya fanlari doktori Temur Yunusov sug'orishning yanada tejamkor usullari mavjud ekanini ta'kidlaydi. Uning so'zlariga ko'ra, Kembrij hududida o'sayotgan yosh daraxtlarning ildiz tizimiga quvur tortiladi. Unga quyilgan suv to'g'ridan-to'g'ri ildizlarga boradi va tuproqning yuqori qatlamini namlash uchun isrof qilinmaydi. Bu, ayniqsa, yaqinlashib kelayotgan ichimlik suvi inqirozi sharoitida muhim bo'lgan suvni tejash imkonini beradi.
"Tez-tez yomg'ir yog'ib turishiga qaramay, bu yerda daraxtlarni yog'inlar va shlang vositasida sug'orish eng yaxshi holatda tuproqning 10−20 sm qalinlikdagi yuqori qatlaminigina namlashini yaxshi tushunishadi. Daraxt ildizlari esa 50 sm chuqurlikda joylashgan", — deydi u.
Kembrij universitetida daraxt ekish misoli. Ko'chatlar atrofidagi tuproq nam, chunki ular endigina ekilgan. Ildiz atrofidagi tuproqni zichlash uchun suv zarur.
Foto: Temur Yunusov.
Qashqadaryo viloyatining o'ta qurg'oqchil iqlimi bilan ajralib turadigan tog'oldi hududlarida fermerlar yong'oq plantatsiyalari yetishtirib, ko'chatlarni sug'orish uchun yiliga atigi 17 litr suv sarflayotgani haqida avvalroq yozgan edik.
"Shakl berish daraxtlarni kesishga tayyorlaydi"
Obodonlashtirish bosh boshqarmasi xodimlarining ta'kidlashicha, tashkilot ishchilari daraxtlarga qanday qilib to'g'ri shakl berishni biladi. Biroq, daraxtlarning shikastlanishiga aynan obodonlashtirish tizimi javobgar ekanligiga Tatyana Yugayning ishonchi komil.

"Mana, aytaylik: N ta daraxt ekildi. Biroq, necha tup daraxt ekilgani emas, balki yashil massa hajmi — „toj" [daraxtlarning bosh qismi — tahr.]ning o'lchami muhimroq. „Qalamcha" shaklida ekilgani yetmaganday, obodonlashtirish xizmatining qo'llari bilan noto'g'ri shakl berilishi bizni ana shu massadan mahrum qiladi. Ular 30 sm qalinlikdagi shoxlarni kesib tashlashadi, bu esa uzoq muddatda daraxt uchun halokatli. Sanitariya maqsadlarida butash — ingichka shoxlarni kesishni nazarda tutadi. Kesilgan shox qanchalik qalin bo'lsa, daraxtning salomatligiga shuncha ko'p zarar yetkaziladi", — deydi O'zbekiston landshaft san'ati uyushmasi raisi.
Shota Rustaveli ko'chasi, 2009-yil. Foto: "Ko dnu"
"Daraxtlarni kesish moratoriy bilan taqiqlangan taqdirda, dastlab ularni sekin-astalik bilan [shakl berish orqali] o'ldirishadi, keyin davlat atrof-muhitni muhofaza qilish organlariga daraxtning qurib qolganligini ta'kidlab, uning kasalligi haqida xabar qilinadi, ana shundan keyin uni qonuniy ravishda kesib tashlashadi. Natijada, kesish baribir amalga oshiriladi. Bu qurilish yoki bino fasadini ochish uchun joyni „tozalash" maqsadida amalga oshiriladi. [Bunda] hududi kesilgan daraxtlar makoniga aylanib qolgan va u yerda yangi narsa qurayotganlar aybdor", — deydi u.

Tattyana Yugayning so'zlariga ko'ra, daraxtlarga shafqatsizlik bilan shakl berilishi umumiy ovqatlanish bozorida ochiq olovda taom tayyorlash uchun yoqilg'i sifatida daraxt shoxlariga talab mavjud ekanligi bilan ham bog'liq.

Ayni paytda, mutaxassislar daraxtlarga shakl berish zarurligini bir ovozdan ta'kidlaydi. Yovvoyi tabiatda daraxt duch kelgan shaklda o'sadi. Elektr uzatish liniyalari, yo'l belgilari va svetoforlar mavjud bo'lgan shahar sharoitida esa daraxtning optimal shakli — simmetrik bosh qismiga ega tik tana hisoblanadi. Shu bilan birga, shakl berishdan keyin daraxtlar quyoshdan himoya uchun yashil mato bilan o'rab qo'yilishi zarur, o'simlikni infeksiyadan himoya qilish uchun esa kesilgan novdalar o'rniga ishlov berilishi lozim.
"Yangi O'zbekiston" istirohat bog'idagi ayrim daraxtlar quyoshdan himoya qiluvchi mato bilan o'rab qo'yilgan.
Tatyana Yugay havodagi chang konsentratsiyasining ortishi va uquvsiz sanitariya maqsadlarida butash o'rtasida bevosita bog'liqlikni ko'rmoqda.
Obodonlashtirish xodimlari Nukus ko'chasidagi daraxtlarga shakl bermoqda. 2023-yil, 12-iyul.
"Daraxtning ishlash formulasi oddiy: daraxtning „toji" qanchalik katta bo'lsa, shaharda kislorod shunchalik ko'p, havoda chang miqdori shunchalik kam bo'ladi", — deydi u.

Voyaga etgan daraxt yerosti suvlari bilan oziqlanadi va barglari orqali namlikni bug'laydi. Masalan, voyaga yetgan terak kuniga 200 litr suvni bug'laydi. Namlik bosimi ostida chang yerga cho'kadi. Bundan tashqari, ko'plab daraxtlar changni o'ziga tortadi. Zamonaviy mutaxassislar bunda, ignabargli daraxtlardan farqli o'laroq, sathi keng bargli daraxtlar eng samarali, degan xulosaga kelgan.
реклама
реклама
"Chang uchun hamma qurilishlarni ayblaydi. Bu to'g'ri, biroq ular tan olishni istamaydigan asosiy dushman — bu daraxtlarni vahshiylarcha kesishdir", — deya qat'iy ishontiradi uyushma raisi.
2017-yilda Yevropaning Allergy ilmiy jurnalida immunolog Viktoriya Garib boshchiligidagi bir guruh avstriyalik olimlarning Avstriya va Toshkentda allergik kasalliklarning landshaft o'zgarishi bilan bog'liqligi haqidagi maqolasi chop etildi. Tadqiqotda O'zbekistondan allergolog Gulnora Jambekova ishtirok etdi.

Mualliflar aholining 19−29 va 30−49 yoshdagi ikki avlodi o'rtasida 20 yil davomida allergik kasalliklar va landshaft o'zgarishi o'rtasidagi bog'liqlikni o'rganishga harakat qildi. Olimlar landshaft dizaynida qo'llaniladigan sarv va yapon kriptomeriyasining ayrim navlari kabi hududga xos bo'lmagan o'simliklarni ekish allergiyaga moyillikka ta'sir ko'rsatishi mumkinligini aniqlashdi. Ayniqsa, yoshlar orasida.

Gulnora Jambekova "Gazeta.uz" muxbiriga bergan izohida natijalarni shunday tushuntiradi:

"O'simliklar odatdagi yashash joyi bo'lmagan muhitga olib kirilganda, ular ko'proq gulchanglar ajratishni boshlaydi. Gulchanglarning tarqalishiga issiqlik va karbonat angidrid (CO2)ning yuqori darajasi ham ta'sir qilishi mumkin. O'z navbatida, bu allergiyaga moyillikka ta'sir ko'rsatadi. Inson immunitet tizimi nafas yo'llariga ortiqcha bosimni ko'tara olmaydi".

Allergolog, shuningdek, qurilishlarning avj olganligi yuzasidan ham fikr bildirdi:
"Qurilishlarning avj olishi yashil maydonlarga ta'sir ko'rsatgani shubhasiz. Ularning qisqarishi havodagi nafas yo'llarini shikastlash xususiyatiga ega bo'lgan moddalar konsentratsiyasiga ta'sir qilishi mumkin. Bu — qurilish qoldiqlari, chiqindi gazlarning ortiqcha miqdori. O'simliklarni tanlash har doim „foydalilik — mustahkamlik — go'zallik" tamoyili asosida ishlagan. Foydalilik har doim birinchi o'ringa qo'yilishi lozim, biroq negadir go'zallikni tanlashadi".
Gulnora Jambekova dendrologlar, me'morlar va landshaft dizaynerlariga allergologlar bilan hamkorlikda ishlashni tavsiya qiladi.
Daraxtlarni import qilishga ehtiyoj bormi?
Tatyana Yugayning so'zlariga ko'ra, Samarqandda bo'lib o'tgan SHHT forumiga tayyorgarlik ko'rish jarayonida O'zbekiston Turkiyadan daraxtlar sotib olgan edi. Ushbu daraxt navlari noto'g'ri tanlangan bo'lib chiqdi, shuning uchun o'simliklar ildiz otmadi.

"Biz mahalliy daraxtlarni sotib olishimiz kerak. Bu mahalliy fermerlarni qo'llab-quvvatlash hamdir. Surxondaryoda chinor yetishtirayotganlar ularni 40 ming so'mdan, xorijga esa shartli 400 ming so'mdan sotmoqda. Bu yerda nimadir noto'g'ri emasmi?" — deydi Landshaft dizayni uyushmasi rahbari.

Mutaxassislarning fikricha, keng yoyilgan toj qismiga ega to'g'ri tanlangan navlar va ko'chatlarni parvarishlash shaharni yashillashtiradi. Biologlar Igor Kuzmichev va Vladimir Pechenitsin O'zbekiston shaharlarini gektariga 400 daraxtgacha zichlikda daraxt ekish (mo''tadil iqlimga ega bo'lgan mamlakatlarda 170−200 tadan) orqali ko'kalamzorlashtirishni tavsiya etgan.
O'zbekistonda qanday daraxtlar ekish mumkin?
O'rmon xo'jaligi instituti ekspertlarining tavsiyasi
Tatyana Yugayning fikricha, tirbandlik ko'p kuzatiladigan ko'chalar bo'yiga sekin o'sadigan daraxtlar ekish maqsadga muvofiq emas.

"Daraxtlarni yo'l bo'ylariga ekishda eng oddiy turlarni tanlab olish kerak. Bu yerda gap faqat chiqindi gazlarda emas, balki transportdan tarqaladigan tebranishda ham. Tebranish sababli, tuproq qattiq zichlashadi. Daraxt jamoat bog'ida 100−150 yil umr ko'rsa, yo'l bo'yida 70 yildan ortiq yashamaydi. Bu yerdagi yer asfaltdek qattiqlashib qoladi va ildizlarga suv yetib bormaydi. Rossiyada daraxtlarni yo'l bo'ylariga ekish paytida daraxt ekiladigan chuqurchaga singan pishitilgan g'isht tashlanadi. U yerning qotib qolishiga yo'l qo'ymaydi. Men tuproqqa guruch po'stlog'ini solib qo'yaman, chunki u elastik tuzilishga ega".
"Daraxtlar — supurib olish kerak bo'lgan barglardir"
Yozuvchi Pirimqul Qodirov o'zining "Olmos kamar" romanida 1966-yilgi zilziladan keyin Toshkentdagi obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish ishlarining o'rni haqida fikr yuritgan. Bosh qahramonning otasi o'g'li bilan suhbatda unga shunday deydi: "Qaytadan obod qilaman deb, biz kovlagan qancha ariqlarni bekitdilaring! Men Toshkentda o'ttiz yil suv sug'orib o'stirgan daraxtlarni qirqdilaring. „Puf-sassiq" deb bekitgan ariqlaringning o'rniga oqizib qo'ygan suvlaring qani? Yangidan obod qilgan bog'-rog'laring qani?"

Bu mulohazada muallif turli avlodlar qadriyatlari tizimida bog'larning o'rnini ko'rsatib bergan. Bugun ham zamonaviy o'zbek jamiyati qayta ko'rib chiqishi kerak bo'lgan qadriyatlar, ehtimol, Toshkentdagi ekologik vaziyatning yomonlashuvi borasidagi so'nggi tizimli muammodir.
Balandparvoz strategiyalarni ishlab chiqish, sug'orish uchun eng yaxshi sharoitlar yaratish, eng maqbul daraxt navlarini tanlash bilan bir qatorda, odamlar o'zlarining daraxtlarga bo'lgan munosabatini o'zgartirishlari lozim.
"Daraxtlar-chi? [Loyiha xaritalarida] shunday katta daraxtlarda biror chiziq ifoda etilmagan. Chunki ular pulga qurilgan „obyekt" hisoblanmaydi, ular inventar sifatida baholanmaydi, 100 yil oldingi ko'chatning narxi hammaning esidan chiqib ketgan, endi bu daraxtlar uchun hisob beradigan, ular qirqilsa tovon to'laydigan javobgar odamning o'zi yo'q. Shunday qudratli ko'ringan 100 yillik daraxtlar faqat inventar nomeri-yu qog'ozdagi narxi bilan hisoblashadigan loqayd odamlardan o'zini qanday himoya qilsin? To'g'ri, bunday daraxtlarni avaylab saqlayotgan insofli odamlar ham bor… Tabiat har bir odamni aslida pok vijdon bilan birga yaratsa kerak… [Ayrim kishilar] tabiat oldidagi burchlarini unutdilar. „Mendan foydalaning, lekin vijdonni unutmang!" — shunday demoqda u bizga qarata", — deb yozadi Pirimqul Qodirov "Olmos kamar" romanida.
Materialni Jahongir Azimov tayyorladi.
Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / "Gazeta.uz".
Matn va barcha grafik materiallarga bo'lgan huquqlar "Gazeta.uz" nashriga tegishli. "Gazeta.uz" internet-nashrida e'lon qilingan materiallardan foydalanish shartlari bilan bu yerda tanishishingiz mumkin.

Qiziqarli narsalarni bilasizmi? U haqida boshqalarga aytib bermoqchimisiz? O'z hikoyangizni sp@gazeta.uz elektron manziliga yuboring.

Materialga izohlar

Izohni jo‘natish Chiqib ketish Bekor qilish Muallif: 6000 ta belgi qoldi.
"Gazeta.uz"da ro‘yxatdan o‘tish

Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting