O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent va Yangi Toshkent qo‘shma loyihasini ma’qulladi. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkent qurilish direksiyasi direktori Davronjon Odilov “Menimcha” dasturiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident taklifni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berayotganda “tabiat bilan yaqindan muloqot qiladigan, eski an’ana va urf-odatlarimizga tayangan holda jamoatchilik va mahalla ahlini yaqinlashtiradigan shaharni ko‘rishni xohlayapman” deb aytgan. “Buning uchun [prezident] eng qulay joyni tanlab bergandilar. Barcha ekologlar va mutaxassislar tanlangan joy bo‘yicha o‘zining ijobiy xulosasini berdi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Davronjon Odilov “me’moriy qadriyati baland” — kutubxona, teatr va boshqa binolar yanada balandroqda joylashtirilishi xalqimiz an’analariga mos kelishini ta’kidladi. U o‘zbeklarning mehmondo‘stligi, unga ko‘ra uydagi mehmonlarga dasturxon to‘ridan joy berilishini misol qilib keltirdi.

“Chet ellik arxitektorlar, masalan, Angliya, Koreya yoki Xitoydan buni topib berishi qiyin. Shuning uchun arxitektorlar bu dizaynlarni tuzatib, moslashtirdilar”, — dedi u.

Davronjon Odilov Yangi Toshkentni “eski” bilan integratsiyasi masalasi borligini ta’kidladi.

“To‘g‘ri, biz buni Yangi Toshkent deb nomlayapmiz, lekin bu o‘zi bilan eski Toshkentni ham yangilashi kerak. Bitta jarayonda ular bir qon va bir arteriya bo‘lib ketishi kerak, ya’ni shaharlar bir-biriga „tikilishi“ kerak edi. Prezident shaharlarning bir-biridan ajralishini istamadi”, — dedi u.

Toshkent va Yangi Toshkentning qo‘shma loyihasi Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan (taqdimot slaydlarida kompaniya bosh rejani ishlab chiquvchi sifatida ko‘rsatilgan). “Prezident [shu kompaniyaning] loyihasini tanladi. 20 dan ortiq xorijiy va bir nechta mahalliy tashkilotlar ushbu loyihaga yuqori baho berdi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Shuningdek, u jahon standartlariga ko‘ra, shaharda aholi jon boshiga 8−10 kvadrat metr yashil maydon ajratilishi kerak bo‘lsa, Yangi Toshkentda bu ko‘rsatkich 18−20 kvadrat metrni tashkil etishini, bu esa uni “tropik shaharning iqlimiga yaqinlashtirishini” ta’kidladi.

“Shaharning istalgan nuqtasidan 20−25 daqiqada sohil bo‘yiga yetib borishingiz mumkin”, — deydi Davronjon Odilov.

Germaniya, Janubiy Koreya va Turkiya kompaniyalari transport va logistika masalalari bilan shug‘ullangan. “Avvalo, Toshkentning transport modeli yaratildi, u makromodel deb ataladi. Ikkita metro liniyasi — Buyuk Ipak yo‘li va Do‘stlik bekatlari yangi shaharga bog‘lanadi. Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi… Avtomobilda kelishga ehtiyoj ham qolmaydi”, — dedi u.

Davronjon Odilovning aytishicha, loyiha yer osti infratuzilmasini yaratishdan boshlanadi, shuningdek, yo‘llar qurilishi ham boshlangan. “Biz hozir yer osti infratuzilmasini loyihalashni yakunlayapmiz. Biz oktabr oyida [ish] boshlaymiz. Undan keyin yer usti inshootlarini qurish masalasini muhokama qilish mumkin bo‘ladi”.

“Toshkentboshplanliti” loyiha korxonasi direktori o‘rinbosari Saidazim Sharipovning aytishicha, konsepsiyada ijtimoiy soha obyektlari — maktablar, bolalar bog‘chalari, poliklinikalar, madaniy dam olish maskanlari, istirohat bog‘larini piyoda yurish masofada joylashtirish ko‘zda tutilgan.

“Gap 15 daqiqa haqida ketmoqda, ya’ni yurish masofasi [ijtimoiy obyektlarga] 1200 metr bo‘ladi”, — dedi u.

cross works, тошкент, шавкат мирзиёев, yangi тошкент

Ushbu loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi.

420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Yangi Toshkentda “eski” Toshkentga ulanadigan yagona tramvay va metro tarmog‘i qurilishi rejalashtirilayotganini ham yozgan edik.