Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2023-yil yanvar-iyun natijalari bo‘yicha o‘zining makroiqtisodiy tahlilini e’lon qildi. Unda fiskal va monetar rag‘batlantirish vositalari orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishda davom etish inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkinligi aytiladi.

Markaz makroiqtisodiy sharhidagi asosiy xulosalarga quyidagilar kiradi:

  • Yalpi talab omillari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri bo‘lib aholining yalpi iste’mol xarajatlarining ko‘payishi xizmat qilmoqda;
  • Markaz baholashlariga ko‘ra, may oyida aholining nominal daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,6 foizga oshgan;
  • Iste’molchilar kayfiyati indeksi iqtisodiyotdagi optimistik kayfiyat yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda;
  • Aholining iste’mol xarajatlari va iqtisodiy faollikning oshishi kutilmoqda;
  • Fiskal va monetar rag‘batlantirish vositalari orqali iqtisodiyotni rag‘batlantirishni davom ettirish inflyatsion bosimni keltirib chiqarishi mumkin;
  • Keyingi yillardagi tendensiyalar iqtisodiyotda tarkibiy va texnologik o‘zgarishlar ro‘y berayotganidan, resurslarni taqsimlash samaradorligi ortib borayotganidan dalolat bermoqda;
  • Fiskal sektor tahlili shuni ko‘rsatadiki, fiskal siyosat protsiklik holatda, ya’ni iqtisodiy o‘sish o‘z salohiyatiga qaytgan bo‘lsa-da, iqtisodiyotni rag‘batlantirishda davom etmoqda.

Markaz prognozlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining o‘sishi bazaviy ssenariy bo‘yicha 5,8 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston davlat budjeti xarajatlari daromadlaridan 29 trln so‘mga (2,5 mlrd dollar) ko‘proq bo‘lgani xabar qilingandi. 2023-yilda profitsit prognoz qilinganiga qaramay, birinchi yarimyillikda defitsit deyarli 6,2 foizni tashkil etdi.

Shuningdek, Markaziy bank boshqaruvining 27-iyuldagi yig‘ilishi bo‘yicha bayonotida o‘rta muddatli istiqbolda iqtisodiyotda narxlar barqarorligini ta’minlash uchun budjet defitsitini belgilangan parametrlar darajasidan oshmasligini ta’minlash muhimligi qayd etilgandi. Regulyator inflyatsiya darajasi 8,5−9,5 foiz atrofida bo‘lishi bo‘yicha prognozini o‘zgarishsiz qoldirgan.