Termiz shahrida 1000 adadda nashr etilayotgan “Surxon ovozi” gazetasida 5-sentabr kuni bosh muharrir Qurbon Jo‘ranazarovning O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi yetakchisi Ulug‘bek Inoyatovga murojaati e’lon qilindi. Birinchi sahifada uning surati bilan e’lon qilingan maqola O‘zbekiston bosma nashrlari uchun noodatiy keskin va to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lgan bayonot sifatida o‘quvchilar e’tiborini tortdi.

“Iste’foga chiqmaysizmi, janob?” nomli murojaat “Betga aytganning zahri yo‘q” rubrikasidan o‘rin olgan. Maqolaning tagsarlavhasida shunday deyiladi: “O‘zbekiston XDP markaziy kengashi raisi, 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovda prezidentlikka nomzod sifatida qatnashgan Ulug‘bek Inoyatovga murojaat”.

saylov-2023, uлuғбек иноятов, хдп, сuрхон ovozi

“Ulug‘bek Ilyasovich! Saylov ham kurash maydonidir. Mard maydonga tushadi. Maydonga tushgan or uchun halol kurashmog‘i lozim. O‘shanda elning olqishiga sazovor bo‘ladi”, — deb boshlaydi muallif.

“Raqibdan qo‘rqqan, hayiqqan maydondan nariroq yurgani ma’qul. Qandaydir manfaatni ko‘zlab, shunchaki nomiga ko‘rinish berish uyat emasmi? Nima qiladi o‘zini ham, boshqalarni ham ahmoq qilib?” — so‘raydi Qurbon Jo‘ranazarov.

“Jamoatchilik prezidentlikka nomzodlardan hokimiyat tizimi faoliyati va bir-birining dasturini taftish qilish hamda xolis tanqid qilishni kutishga haqli. Jamiyatdagi muammolar va ularning yechimi haqida erkin fikr yuritilganda, nur ustiga nur bo‘lardi”, — deya ta’kidlaydi u.

“O‘tgan prezident saylovi jarayonlarida fikrlar xilma-xilligi sezilmadi. Siyosiy raqobat muhiti yaratilmadi. Xullas, hammasi xamirdan qil sug‘urgandek silliqqina kechdi”, — deydi gazeta bosh muharriri.

“Beixtiyor allaqaysi kinoda „Bag‘dodda hammayoq osoyishta. Tinchgina yashayveringlar“, degan gaplar xayoldan o‘tadi. Bunga prezidentlikka nomzod sifatida siz ham, Ulug‘bek Ilyasovich, munosib „ulush“ qo‘shdingiz, albatta”, — deydi muallif.

“Saylovoldi dasturingizda hech qanday yangi fikr, yangi g‘oyani ko‘rmadik. Quruq safsatadan nariga o‘tilmadi va shunga yarasha “mukofot”ini ham oldingiz. Ovoz berish natijalari buning dalilidir”, — deb yozadi Qurbon Jo‘ranazarov.

“Saylovda, ma’lumotlarga ko‘ra, atigi 4,02% ovoz olib, nomzodlar orasida oxirgi o‘ringa tushib qolishingizga bir baxya qoldi, xolos. Bu siz rahbarlik qilayotgan partiya uchun sharmandali holat emasmi?” — deb so‘radi u.

“Chinakam demokratik davlatlarda saylovda mag‘lubiyatga uchragan partiya yetakchisi darhol o‘z xohishi bilan lavozimidan voz kechadi”, — deydi muallif.

“Ulug‘bek Ilyasovich! — davom etadi bosh muharrir. “Sizning saylov jarayonlaridagi befarqligingiz tufayli XDP mavqeiga putur yetkazildi. Partiyadoshlaringiz, qolaversa, saylovchilar ishonchini oqlay olmadingiz”, — deyiladi maqolada.

“Shunday ekan, partiya markaziy kengashi raisi vazifasidan iste’foga chiqsangiz (Bizda-ku bunday an’ana yo‘q. Siz boshlab bersangiz, zap ish bo‘lardi-da), mardning ishi bo‘lar edi. Bu mening shu yurt fuqarosi, saylovchi sifatidagi shaxsiy fikrim”, — deydi muallif.

“Siz nima deb o‘ylaysiz, janob?!” — deya murojaatini yakunlaydi Qurbon Jo‘ranazarov.