Toshkentdagi markaziy (Shimoliy) temiryo‘l vokzalida bir bosqichli nazorat punkti ish boshladi, deb xabar qildi O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot xizmati.

Bu hujjatlarni tekshirish va bagajni ko‘zdan kechirish endi avvalgidek bir nechta joyda emas, balki bir joyda amalga oshirilishini anglatadi.

Ilgari “Toshkent-Janubiy”, shuningdek, Samarqand va Namangandagi temiryo‘l vokzallarida bir bosqichli nazorat-o‘tish punktlari joriy qilingandi.

Bosqichma-bosqich bunday nazorat punktlari O‘zbekistondagi barcha vokzallarda ishlay boshlaydi, deyiladi xabarda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yil aprel oyida aeroportlar, shuningdek, temiryo‘l va avtovokzallarga kirishni soddalashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi.

Hujjatda mazkur qaror aerovokzal, temiryo‘l va avtobus vokzallarida yo‘lovchi hamda tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy talablar asosida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilash, kirib-chiqishni soddalashtirish, zarur sharoitlar yaratish hamda vokzallar va ularga tegishli hududda tadbirkorlikni rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Avvalgi yillarda vokzal va aeroportlarga kirish asta-sekin kuchaytirilgandi. Yo‘lovchilar nazoratning bir necha bosqichlaridan o‘tishlari talab etilar, kuzatib qo‘yuvchilar va kutib oluvchilarga esa vokzal va aeroport binolariga kirishga ruxsat berilmasdi.