Shavkat Mirziyoyev 7-sentabr kuni Toshkentda BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Syuy Dun’yuyni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Syuy Dun’yuy Samarqandda o‘tayotgan Oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada ishtirok etish uchun O‘zbekistonda bo‘lib turibdi.

Uchrashuv avvalida prezident yuqori darajali mehmonni BMTning yetakchi tarmoq tuzilmasi rahbari etib qayta saylangani bilan qutladi hamda Samarqanddagi konferensiyani qo‘llab-quvvatlagani va uning ishida shaxsan ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan xavf-xatarlarga qarshi, jumladan, mintaqa darajasida kurashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, фао, цюй дунъюй, шавкат мирзиёев

Agrar tarmoqni rivojlantirishdagi nomutanosibliklar, suv resurslarining tanqisligi, qo‘shimcha qiymat yaratishning uzun va samarasiz zanjirlari, logistikadagi uzilishlar va boshqalar barqaror rivojlanish uchun asosiy xatarlar sifatida qayd etildi.

FAO xabarida qayd etilishicha, tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga kelishib oldi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatda FAO bilan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi “yo‘l xaritasi” qabul qilinishini bildirdi.

Shuningdek, O‘zbekiston va FAO o‘rtasidagi 2030-yilgacha bo‘lgan yangi hamkorlik dasturiga uchta yo‘nalish bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni kiritish bo‘yicha kelishuvga erishildi:

  • qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, jumladan, tuproqni tartibga solish, urug‘larni saqlash va tanlash;
  • qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, jumladan, “Qo‘lni qo‘lga” tashabbusi doirasida ma’lumotlardan foydalanish va “1000 ta raqamli qishloq” tashabbusini amalga oshirish;
  • yangi samarali moliyaviy vositalarni joriy etish.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev Samarqandda bo‘lib o‘tgan anjuman ishtirokchilariga murojaatida xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlar fermerlari uchun zamonaviy texnologiyalar va qishloq xo‘jaligi usullaridan foydalanishga yordam berishga chaqirgandi.

Syuy Dun’yuy o‘z nutqida Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga ayniqsa zaif ekanini va bu global oziq-ovqat savatiga ta’sir qilishini ta’kidlagan.

“Biz mintaqaga yordam berishimiz kerak. Texnologiyalar, investitsiyalar va iqlim o‘zgarishi muammolarini hal qilish yo‘llari bilan”, — deydi xalqaro tashkilot rahbari.

Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning iyun oyida Italiyaga qilgan rasmiy tashrifining birinchi kunida FAO ofisiga tashrif buyurgan va Syuy Dun’yuy bilan uchrashuv o‘tkazgandi. O‘shanda ular 2030-yilgacha bo‘lgan hamkorlik dasturini muhokama qilgan.

“Gazeta.uz” bir kun avval Samarqandda o‘tayotgan konferensiyadan reportaj e’lon qilgandi.