2026-yilning yakuniga qadar respublika bo‘ylab tibbiy sug‘urta to‘liq joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 6-sentabrdagi Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilandi.

Farmonga ko‘ra, sog‘liqni saqlash vaziri va jamg‘arma ijrochi direktori 2026-yilning yakuniga qadar tibbiy sug‘urtaning respublika bo‘ylab to‘liq joriy etilishi uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi mustaqil yuridik shaxs maqomi hamda faoliyatini moliyalashtirishning amaldagi manbalari va tartibi saqlab qolingan holda SSV tuzilmasiga o‘tkaziladi.

2027-yil 1-yanvardan SSV tarkibidan chiqadi va mustaqil jamg‘arma sifatida faoliyat yuritadi.

Jamg‘arma kuzatuv kengashi tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi doirasida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun jalb qilinadigan yetkazib beruvchilar (davlat va nodavlat)ni, xarid qilinadigan tibbiy yordamlar hajmini mustaqil belgilaydi va o‘z budjetini shakllantiradi.

2017-yil aprel oyida prezidentning “Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida O‘zbekistonda majburiy tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqish muhokama qilingandi.

Prezidentning 2018-yil dekabrdagi qarorida 2021-yil 1-yanvardan boshlab majburiy tibbiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutilgan.

2020-yil noyabr oyida davlat rahbarining “Sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modeli va davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlarini Sirdaryo viloyatida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan. Xuddi shu hujjatga ko‘ra, 2020-yil 1-dekabrdan Davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi tashkil etilgan.

2022-yil dekabr oyida prezident parlamentga yo‘llagan murojaatida davlat tibbiy sug‘urtasiga o‘tish jadallashtirilishini, 2023-yildan Toshkent shahrida, keyinroq boshqa viloyatlarda ham joriy etilishini ma’lum qilgandi. Yil boshida bu sana 1-iyul deb e’lon qilingan. Bunda tibbiyot muassasalari to‘liq raqamlashtirilishi aytilgandi.