5-sentabr kuni Toshkent shahar IIBB xodimlari Mirzo Ulug‘bek tumanida pod’ezdga kirib ketayotgan qizga hujum qilgan erkakni qo‘lga oldi.

Gumonlanuvchi 29 yoshli A.Y. bo‘lib, bu haqda “Gazeta.uz"ga IIBB matbuot kotibi Nilufar Isoxonova ma’lum qildi.

5-sentabrda zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi tashqi kuzatuv kamerasida noma’lum shaxsning qizni pod’ezdgacha qanday kuzatib borgani va birozdan keyin u yerdan yugurib chiqib ketgani tasvirlangan videolavhani e’lon qilgandi.

Loyihaga ko‘ra, yigit unga orqadan hujum qilgan. Uni yerga yiqitib, intim a’zolariga tegina boshlagan. Qiz dahshatga tushib, qichqirgan, qo‘shnilar esa yugurib chiqqan. Yigit esa qo‘rqib, jinoyat joyidan qochib ketgan. Kameralardagi yozuvlarni aholi huquq-tartibot idoralariga taqdim etgan.

Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda, deyiladi IIBB xabarida.