4-sentabr kuni O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qish boshlandi. Toshkentga o‘qishga kelgan birinchi kurs va yuqori bosqich talabalarini bugun bir savol o‘ylantirayapti: qayerda yashab, o‘qiyman? Kimdir allaqachon yotoqxonadan joy yoki ijaraga uy topib ulgurgan, yana kimdir shuning harakatida. Ayrim esa imkoniyatsizlik sabab faqat yotoqxonadan umid qilib, ijaraga uy ham izlamayapti.

“Gazeta.uz” O‘zbekiston milliy universiteti va Toshkent davlat texnika universitetiga borib, talabalar, ota-onalar va mas’ullarning fikri bilan qiziqdi.

22-avgust kuni davlat OTMlariga qabul uchun yakuniy test natijalari e’lon qilindi. Undan bir hafta avval esa hukumat talabalarni yotoqxonalar (talabalar turar joylari — TTJlar)ga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, talabalar yotoqxonasiga joylashish uchun yo‘llanmalar dastlab imtiyozli (yotoqxonaga joylashishda ustuvorligi bor talabalar) ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.

“Gazeta.uz” 2023-yilda talabalikka tavsiya etilgan yoshlar uchun davlat OTMlarining yotoqxonalariga joylashish bo‘yicha Yagona portal (my.gov.uz) orqali ariza yuborishga oid qo‘llanmani e’lon qilgandi.

So‘rovnoma davomida mas’ullar “Gazeta.uz”ning 2022-yilda boshpanasiz qolgan talabalar haqidagi maqolasidan kerakli xulosa chiqarib, tayryogarlikni kuchaytirishganiga guvoh bo‘ldik. My.gov.uz portalida yotoqxona taqsimlana boshlangani, sarsongarchilik qisman kamaygani va joylarda kichik info markazlar tashkil etilishi bunga misol bo‘la oladi.

Suhbat davomida platformadagi jarayondan javobi chiqqan yoki uni kutayotgan, imtiyozlari bo‘lmasada, muammosi ijobiy hal bo‘lishiga umid qilayotgan, ijaraga uy olishga majbur bo‘layotgan va yotoqxonada turishni istamayotganlar ham uchradi.

“Ertalab Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanidan keldik, qizim O‘zMUga kirgandi. Kelishimizdan oldin ariza qoldirgandik, jarayon endi 2 kunda ko‘rib chiqilar ekan, lekin qizimni bu paytda qayerga joylashtiraman? Qarindoshlarim, ijaraga ham imkonim yo‘q. Vaqtinchalik joy berib turishimiz mumkin, deyishdi. Hal bo‘lmagandan keyin, ilojimiz yo‘q, shunga rozi bo‘lib turamiz”, — dedi ota-onalardan biri.

“Farg‘ona viloyatidan keldik. Onlayn navbatga yozilgandik, kelishimiz bilan navbatimiz keldi, joylanaversangiz bo‘ladi, deyishdi. Biz nima qilar ekanmiz, qayerdan ijaraga uy topar ekanmiz, deb o‘ylab kelayotgandik. Yo‘q, muammo bo‘lmadi”, — dedi yana bir ona.

“Ariza qoldirgandik, qabul qilinmadi, degan javob keldi. Turmush o‘rtog‘im ham, men ham ishsizmiz. Yotoqxona bo‘lmasa, farzandimning boshqa turishga joyi yo‘q. Kvartira taklif qilishgani bilan biz uchun uning narxi qimmat”, — dedi samarqandlik bir talabaning onasi.

“Ko‘pchilik talabalar, ayniqsa, nogironligi bor, ijtimoiy himoya reyestrida bo‘lgan, platformadan foydala olmagan yoki boshqa sabablar bilan onlayn ariza qoldira olmagan talabalar bor. Agar biz hozir ariza topshirmaganlarni ham inobatga olmasdan yotoqxonaning qolgan o‘rinlarini taqsimlab yuboradigan bo‘lsak, ertaga ijtimoiy himoyaga muhtoj kontengent yotoqxonadan ayrilib qolishi mumkin. Shuni hisobga olib, jarayon 1−2 kun mobaynida ushlab turiladi, undan keyin imtiyozi bo‘lmagan talabalarni joylashtirishni boshlaymiz”, — dedi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Salohiddin Salohov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, javobi chiqmay turgan va boshqa borar joyi yo‘q talabalar uchun har bir oliygohlarda vaqtincha turar-joy bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yilgan. U yerdan ham joy yetmagan talabalar esa, oliygohlar imtiyozlilarni yotoqxonaga joylab olguncha, vaqtincha ijara uylarida yashashiga to‘g‘ri keladi.

Xulosa qilib aytgandi, yangi tizim ishga tushgani bilan unda inson omili, ovoragarchilik va ayrim kamchiliklar to‘liq bartaraf etilmagani ham ko‘zga tashlanib turibdi. Talabalar hali oliy ta’limning ilk darslariga kirib ulgurmasdanoq, turar joy muammosi bilan to‘qnashishga majbur bo‘lmoqda. Aslida esa, ularni yotoqxona bilan ta’minlash ishlarini o‘quv yili boshlangunga qadar — avgust oxirigacha hal qilsa bo‘lardi. Vaziyatdan to‘g‘ri foydalanib, Oliy ta’lim vazirligi va OTMlar rahbariyatlari bosh qotirib, tizimni yanada mukammallashtiradi, degan yaxshi umiddamiz.