Hukumatning 14-avgust kuni qabul qilingan [376-son] qarori bilan davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra:

  • davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi.
  • talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.

2023/2024 o‘quv yilida 1-kurs talabalari uchun davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va my.gov.uz orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Arizalar 20-avgustdan qabul qilinadi.

2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi. Bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023-yil 25-avgustgacha topshiriladi.

2024/2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi.

Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakunigacha davom etadi.

Reglamentga muvofiq, quyidagi toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi:

  • “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar;
  • “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
  • I va II guruh nogironli bo‘lgan talabalar;
  • bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi ta’lim shaklida ikki yoki undan ortiq to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalar farzandlari;
  • xalqaro fan olimpiadalari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida g‘olib bo‘lgan talabalar;
  • “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” ko‘rik tanlovlarining respublika bosqichi g‘olib bo‘lgan talabalar;
  • OTM talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalar;
  • talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori bo‘lgan talabalar.

Shunga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.