Chorvachilik — O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsulotida chorvachilikning ulushi 13 foizni tashkil etadi. Qishloq joylardagi uy xo‘jaliklari daromadining 45−67 foizi, qishloq xo‘jaligida band bo‘lgan barcha aholining qariyb uchdan bir qismi aynan chorvachilik hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayni paytda, aholining go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda, O‘zbekiston uni boshqa davlatlardan import qilishiga to‘g‘ri keladi. Bu, jumladan, mamlakatda chorvachilikni rivojlantirishda ilmiy asoslangan yondashuv yetarli darajada qo‘llanilmayotganligi bilan bog‘liq, deb hisoblaydi zoolog Sergey Zagrebin. U “Gazeta.uz” bilan suhbatda chorva mollarini to‘g‘ri o‘tlatish, yaylovlarni boshqarish va me’yoridan ortiqcha o‘tlatishning oqibatlari haqida so‘z yuritdi.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Chorva mollarini o‘tlatish bilan bog‘liq holat haqida

2022-yil boshida O‘zbekistonda qo‘y va echkilarning umumiy soni 23 million bosh, yirik shoxli qoramollar soni esa 13 million boshdan ortiqni tashkil etdi. Bu bir yil oldingiga nisbatan ikki barobar ko‘p demak. Bu hayvonlar asosan tog‘li hududlar va pasttekisliklardagi tabiiy yaylovlarda o‘tlatiladi.

Uy hayvonlarining soni ular o‘tlatiladigan yaylov resurslaridan sezilarli darajada oshib ketmoqda, oqibatda yaylovlarda o‘simlik dunyosining tanazzuli sodir bo‘lmoqda va ularning hosildorligi pasaymoqda. Yaylovlardagi o‘simlik dunyosi tarkiban o‘zgarib bormoqda va natijada katta hududlar past qiymatli ozuqabop o‘simliklar yoki hayvonlar tomonidan iste’mol qilinmaydigan o‘simliklar bilan qoplanmoqda. Ya’ni, yaylovlarning hosildorligi sezilarli darajada pasaymoqda yoki ular chorva mollarini o‘tlatish uchun mutlaqo yaroqsiz bo‘lib qolmoqda.

Shunday qilib, yaylovlarda chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatish mavjud tabiiy resurslardan noratsional foydalanishning yaqqol misolidir va kelajakda, xususan, mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan ham jiddiy oqibatlar keltirib chiqaradi.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Muammoni tushunish va me’yoridan ortiqcha o‘tlatish keltirib chiqaradigan xatarlarni ko‘rish uchun uni ekologik nuqtai nazaridan ko‘rib chiqish lozim. Tabiiy yaylovlarning aksariyati tabiiy ekologik tizimlar hisoblanadi. Ular yetarlicha uzoq vaqt davomida shakllangan, ularning ko‘pchiligi inson paydo bo‘lishidan oldin yuzaga kelgan. Yerdagi barcha tiriklikning rivojlanishi singari, ekotizimlarning rivojlanishi va faoliyati biologiya va ekologiyaning umumiy qonunlariga bo‘ysunadi. Tabiatning zamonaviy qiyofasi shakllanishi bir qator omillar, jumladan, mahalliy relef, iqlim, suvning bor yo yo‘qligi va boshqa omillarning o‘zaro ta’siri natijasida yuzaga kelgan.

Insoniyatning rivojlanishi tabiatda sodir bo‘layotgan tabiiy jarayonlarga tobora ko‘proq — o‘z navbatida, salbiy — ta’sir ko‘rsatdi. Hali sayyoramiz aholisi ozchilikni tashkil etgan davrda o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmas darajada edi. Biroq bugungi kunda vaziyat keskinlashgan, uning sabablaridan biri esa — chorvachilikning rivojlanishidir.

Chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatishning biologik xilma-xillikka ta’siri

Tabiiy yaylovlarda chorva mollarining ortiqcha o‘tlatilishi bu hududlarning biologik xilma-xilligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

O‘simlik qoplamining o‘zgarishi
Uy hayvonlari, yaylovdagi o‘simliklar bilan oziqlanish barobarida, ularning qayta ko‘payishiga imkon bermaydi — o‘simliklar urug‘lanmaydi, demak, ular ko‘paya olmaydi. Bu bir yillik o‘simliklar uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega: urug‘lar bo‘lmas ekan, keyingi yilga o‘simlikning o‘zi ham bo‘lmaydi.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Tabiiy ekotizimlarda chorva mollari iste’mol qiladigan o‘simlik turlarining soni kamayib boradi, ular iste’mol qilmaydigan boshqa o‘simlik turlari esa, aksincha, ko‘payadi va o‘simlik qoplami butunlay o‘zgarib ketadi. Bunga parallel ravishda, chorva mollarining son jihatdan ko‘pligi natijasida o‘simliklar shunchaki butunlay oyoqosti qilinadi.

Yovvoyi hayvonlar bilan raqobat
Odamlar chorva mollarini o‘tlatish maqsadida foydalanadigan ekotizimlarda yovvoyi hayvonlar yashaydi, ularning ratsioni ham ozuqabop o‘simliklardan iborat. Bular, masalan, tuyoqlilar va sug‘urlardir.

Toshkent viloyati tog‘larida faqat O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududidagi G‘arbiy Tyan-Shanda uchraydigan endemik tur — Menzbir sug‘uri yashaydi. Menzbir sug‘uri milliy va xalqaro Qizil kitoblarga kiritilgan. Bu hayvonlar sentabr oyida qishki uyquga ketadi va mart-aprel oylarida uyg‘onadi.

Bunday uzoq vaqtni qish uyqusida o‘tkazish uchun hayvonlar sezilarli miqdorda yog‘ zaxirasi to‘plashi lozim. Biroq Menzbir sug‘urlari yashaydigan joylarda chorva mollari boqiladi. Ular sug‘urlarning oziqlanishi uchun zarur bo‘lgan o‘tsimon o‘simliklarni yeb qo‘yadi. Bu holat mazkur tur sonining qisqarishi sabablaridan biridir.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Illyustrativ surat. Muqimjon Qodirov / O‘zA.

Ozuqa resurslari uchun raqobat bilan bog‘liq shunga o‘xshash vaziyat baland tog‘ yaylovlarida chorva mollari va Sibir tog‘ echkisi o‘rtasida yuzaga keladi. Ikkinchisiga shunchaki yetarli miqdordagi ozuqa qolmaydi.

Chorva hayvonlari doimiy saqlanadigan joylarda butunlay payhon qilingan, o‘simliklardan mahrum maydonlar yuzaga kelmoqda. Ular hatto sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ham aniq ko‘zga tashlanadi. Ulardagi o‘simliklar bir necha yil davomida qayta tiklanmaydi.

Hayvonlar kasalliklari
Bu chorva mollarini tabiiy ekotizimlarda o‘tlatishning yana bir muhim muammosi hisoblanadi. Yovvoyi hayvonlar, masalan, Sibir tog‘ echkisi va chorva moli bitta hududda o‘tlasa, ular bir-biriga turli kasalliklarni yuqtirishi mumkin. Chorva mollarining salomatligi inson tomonidan nazorat qilib turiladi, yovvoyi populyatsiya bo‘ladigan hayvonlar salomatligini kim nazorat qiladi?

Bezovta qilish omillari va brakonerlik
Chorva mollarini o‘tlatish insonning muntazam nazorati ostida amalga oshiriladi. Har bir suruvda cho‘ponlar, cho‘pon itlari mavjud, cho‘ponlar uchun turar-joy, hayvonlar uchun boshpana tashkil etiladi. Bularning barchasi yovvoyi hayvonlarni bezovta qiladi.

Alohida e’tibor qaratishni talab etadigan yana bir masala — bu cho‘pon itlari. Bir suruv ikkitadan ko‘p bo‘lmagan cho‘pon itlariga ega bo‘lishini nazarda tutuvchi me’yoriy hujjatlar mavjud. Ular o‘zlari qo‘riqlayotgan podadan 200 metrdan ortiq uzoqlashmasligi talab etiladi. Biroq bu qoidalarga rioya etilishi qay darajada yaxshi nazorat qilinmoqda? Cho‘pon itlari yovvoyi hayvonlarga, ayniqsa ularning voyaga yetmagan bolalariga hujum qilishi va qushlarning tuxumlarini yeb qo‘yishi barchaga kundek ravshan.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Shuningdek, cho‘ponlar noqonuniy ravishda yovvoyi hayvonlarni ovlashlari — brakonerlik bilan shug‘ullanishlari tez-tez uchrab turadi. Bularning barini nazorat qilish nihoyatda qiyin, chunki, odatda, chorva mollarini o‘tlatish uzoq va aksariyat hollarda yetib borish qiyin bo‘lgan joylarda amalga oshiriladi.

Yirtqichlarning chorva mollariga hujumi
So‘nggi yillarda yovvoyi yirtqichlarning chorva mollariga hujumi haqida ko‘p eshitamiz. Bu chorva mollari sonining ko‘payishi va ular o‘tlatiladigan maydonlarning kengayishi bilan bevosita bog‘liq.

Tabiiy yaylovlarda chorva mollari sonining ortishi yovvoyi hayvonlar bilan raqobatga, yovvoyi hayvonlar populyatsiyasining kamayishiga va yashash joylarining o‘zgarishiga olib keladi. Bundan tashqari, mahalliy aholi yovvoyi mevali daraxtlar, masalan, ayiqlar oziqlanadigan olma, yong‘oq, do‘lananing butun hosilini yig‘ib oladi. Natijada yirtqichlarning yovvoyi hayvonlarga qaraganda ovlash osonroq bo‘lgan chorva mollariga hujum qilishi ehtimoli ortadi.

Ana shunda yovvoyi yirtqichlarni, jumladan, ayiq va bo‘rini yo‘q qilish haqidagi chaqiriqlar yangray boshlaydi. Biroq bunga yirtqich hayvonlarning tabiiy o‘ljalari hisoblangan yovvoyi hayvonlar sonini qisqartirayotgan, ularni ekotizimda chorva hayvonlari bilan almashtirayotgan o‘zimiz aybdor emasmi?

Me’yoridan ortiqcha o‘tlatishning tog‘ soylari va daryolarning gidrologik rejimiga ta’siri

O‘simlik qoplamining tanazzulga uchrashi yoki chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatish natijasida to‘liq nobud bo‘lishi tog‘ soylari va daryolarning gidrologik rejimiga ta’sir qiladi. O‘simliklar yog‘ingarchilik vaqtida tuproqda namlik to‘planishiga yordam beradi, ularning ildiz tizimi esa tuproqni mustahkamlaydi.

O‘simlik bo‘lmagan yoki u tanazzulga uchragan taqdirda, yog‘ingarchilik paytida suv oqimlari tuproqni o‘zi bilan sudrab, tog‘ yonbag‘irlaridan pastga olib tushadi. Bu sel oqimlari, ko‘chkilar va jarliklar paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biridir. Bundan tashqari, sel va ko‘chkilar yo‘llar, ko‘priklar, infratuzilma obyektlari, uy-joylarni vayron qilib, sezilarli iqtisodiy zarar yetkazadi.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Jizzax viloyatining Forish tumanida 2022-yil aprel oyida kuzatilgan toshqin oqibatlari.

So‘nggi paytlarda OAV faoliyati tobora ochiq bo‘lib borayotgani tufayli, masalan, Jizzax va Samarqand viloyatlarida kuzatilgani kabi sel, ko‘chki, suv toshqinlari haqida xabar topamiz.

Biroq, bunday hodisalar yuzaga kelishining sabablarini aniqlash juda muhim. Ularning soni ortganmi, geografiyasi o‘zgarganmi, bu hodisalar bilan chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatish o‘rtasida bog‘liqlik bormi yoki yo‘qligini o‘rganish zarur. Ehtimol, bunday hududlarda o‘tlatiladigan chorva mollari sonini qisqartirish iqtisodiy jihatdan foydaliroqdir?

Chorva mollarini o‘tlatish bilan bog‘liq yana bir muhim nuqta — ularning sug‘oriladigan joylari. Tog‘li hududlarda hayvonlar tabiiy suv manbalaridan foydalanadilar. Har kuni 200−300 bosh hayvon soyga haydalganda, poda tuyoqlari ostidagi tuproq zichlashadi va qotadi, bu esa oxir-oqibat suv chiqish joyining qurib ketishiga olib keladi. Bundan tashqari, hayvonlar buloqning o‘zini ham ifloslantiradi.

Poda tarkibiy tuzilishining o‘zgarishi

Yaylovlarda chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatish o‘simliklarning tanazzulga uchrashiga olib keladi va yaylovlarning hosildorligi pasayadi. Buning natijasida, yaylovda o‘tlatiladigan chorva mollarining tarkibi ham o‘zgarib bormoqda — qo‘ylar o‘rnini asta-sekin echkilar egallamoqda.

Echkilar oziq-ovqat borasida ko‘nikuvchanroq. Ular hatto o‘simliklarning ildiz tizimini, daraxt va butalarning shoxlari va barglarini ham yeyishi mumkin. Ular yetish qiyin bo‘lgan joylarda, masalan, qoyatoshlar va toshloq joylar, tik qiyaliklarda ham harakatlana oladi. Bu yaylovlarning tanazzulga uchrash jarayonlarini yanada kuchaytiradi.

Nazarimda, podadagi qo‘y va echkilar sonining nisbatiga qarab ma’lum bir joyda yaylovlar qanchalik tanazzulga uchraganligini aniqlash mumkin: podada echkilar soni qanchalik ko‘p bo‘lsa, demak o‘sha joyda o‘simliklar shunchalik ko‘p tanazzulga uchragan.

Tabiiy resurslarni adolatli taqsimlash va ulardan foydalanishdan olinadigan foyda

Yaylovlar — muhim tabiiy resurs. Ulardan mohirona foydalanilgan taqdirda, ular o‘z-o‘zini qayta tiklashi mumkin. Insoniyat qadim zamonlardan beri yaylovlardan foydalanib kelgan, ularni qanday saqlashni bilgan va shu vaqtgacha buning uddasidan chiqa olgan. Odamlar yerga, jumladan, yaylovlarga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish ularning farovonligi manbai ekanligini yaxshi anglagan.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Foto: Dilruh Isomiddinova.

Biroq bugun vaziyat o‘zgarmoqda. Tog‘liklar, xuddi avvalgidek, o‘z chorvasini qishloqlariga yondosh hududlarda o‘tlatadi. Biroq bu yerlarga chorva mollari boshqa hududlardan, masalan, yozgi yaylovlarga ega bo‘lmagan yoki ular tanazzulga uchragan joylardan ham haydab kelinmoqda. Kelgindi cho‘ponlar yaylovlarni saqlab qolishdan manfaatdor emas — ular shu yil daromad olish maqsadida chorva mollarini o‘tlatishi zarur. Ularning kelasi yili bu hududga yana qaytishi dargumon.

Shunday qilib, kelgindi cho‘ponlar va mahalliy aholi o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga keladi va mahalliy aholida yaylovlarni saqlab qolish uchun mavjud ishtiyoq yo‘qoladi. Mahalliy aholi begona chorva mollari keladigan yaylovlar haqida bosh qotirishdan ma’no ko‘rmaydi. Umuman olganda, bu holat jamiyatda tabiatga iste’molchilik munosabatini shakllantiradi.

Nima uchun yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatishni taqiqlab bo‘lmaydi?

Bunda gap yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatishni to‘liq taqiqlash ustida bormayapti — bu imkonsiz va mantiqsiz. Biz yaylovlarda chorva mollarini o‘tlatish barqaror bo‘lishi, yaylovlar uzoq vaqt davomida o‘z hosildorligini saqlashi uchun nima qilish mumkinligi xususida so‘z yuritamiz, toki bu tabiiy ekotizimlarga, shu jumladan, unda hayot kechiruvchi boshqa jonivorlarga zarar yetkazmasin.

Chorva mollarini o‘tlatishdan butunlay voz kechishning hech qanday yaxshi tarafi yo‘q. Chorva mollari ayrim hollarda yovvoyi tuyoqlilarning vazifalarini bajarishi mumkin. Tuyoqli hayvonlar bo‘lmagan joyda chorva mollari kam o‘tlatilgan holda o‘simliklar bilan oziqlanadi va shu bilan tabiatda muvozanatni saqlaydi. Bundan tashqari, chorva mollari urug‘larni yaylovdan yaylovga olib o‘tish orqali o‘simliklarning ko‘payishida ishtirok etadi.

Chorva mollarini me’yoridan ortiqcha o‘tlatish va yaylovlarning tanazzulga uchrashi bilan bog‘liq barcha muammolar tabiiy yaylovlardan foydalanishning mavjud amaliyotini qayta ko‘rib chiqish va ularni to‘g‘ri boshqarishni boshlash zarurligidan dalolat beradi.

Yaylovlarni qanday boshqarish mumkin?

Qishloq xo‘jaligida chorva chorva mollarini o‘tlatish me’yorlari mavjud. Ular asosan tekisliklarda joylashgan yaylovlarga taalluqli. Yaylovlarda ekotizimga zarar keltirmaydigan miqdordagi chorva mollarini o‘tlatish zarur. Buning uchun muayyan yaylovning hosildorligi aniqlanadi. Katta hududlar uchun buni qilish oson emas, shunga qaramay, kosmik va raqamli texnologiyalar tufayli bu 40−50 yil oldingiga qaraganda ancha oson.

Yaylovlarning hosildorligi aniqlangach, mutaxassislar muayyan hududda o‘tlatish mumkin bo‘lgan chorva mollari sonini hisoblab chiqadi. Qolaversa, yaylovlarni monitoring qilish, ya’ni ularning holatini yilma-yil baholab borish lozim. Hosildorlik pasaygan taqdirda, tegishli choralar ko‘rish zarur, masalan, o‘tlatishni taqiqlash yoki o‘tlatiladigan chorva mollari sonini kamaytirish, kabi.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Umuman olganda, zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish yaylovlarning holati va ularning tanazzuli darajasini baholash va tegishli boshqaruv qarorlarini qabul qilish, strategiya va yaylovlarni boshqarish rejalarini ishlab chiqish imkonini beradi. Shu bilan birga, yaylovlardan foydalanishni nazorat qilish tizimi shunday ishlashi kerakki, chorva mollarini o‘tlatish me’yorlariga rioya qilinsin va suruvlar o‘zlari uchun ajratilgan maydonlarda o‘tlatilsin.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlaridan tashqari, yaylovlarni baholash va chorva mollarining o‘tlatilishini nazorat qilish uchun uchuvchisiz uchuvchi apparat (dron)lardan ham foydalanish mumkin. Ular nafaqat landshaftlar holatini baholashi, balki yaylovlardan foydalanish qoidalariga rioya qilmaslik va ekologiya qonunchiligining boshqa buzilishlarini ham qayd etishi mumkin.

Yaylovlarni qayta tiklash

O‘tgan yillarda yaylovlar holati va ularning rivojlanishini baholash bir qator tashkilotlar zimmasiga yuklatildi. Ular orasida, masalan, “Melioratsiya va yaylovlar” uyushmasi ham bor edi — uning vazifalari ro‘yxatida yaylovlar hosildorligini oshirish, tanazzulga uchragan yaylovlarga ozuqabop ekinlar ekishni joriy etish va ularni suv bilan ta’minlash ham kiradi.

Hozirda, afsuski, bu singari tadbirlar nihoyatda cheklangan. Yaylovlarni qayta tiklash — ko‘p mehnat talab qiluvchi va uzoq muddatli jarayon. U yerda ilgaridan o‘sib kelgan yovvoyi o‘simliklar ekilgan — ya’ni ekotizimni tiklashga harakat qilib ko‘rilgan taqdirda, ularni tabiiy yo‘l bilan qayta tiklash mumkin. Shu bilan birga, bu hududlarda chorva mollarini o‘tlatishni cheklash zarur.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Foto: Jamshid Norqobilov / O‘zA.

Yana bir yo‘li — kelgusida yaylov sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan hududlarga ozuqabop yuqori mahsuldor o‘simlik turlarini ekishdir. Uchinchi yo‘l esa — yig‘ib olinadigan va chorva uchun ozuqa sifatida ishlatilishi mumkin bo‘lgan ozuqabop o‘simliklar plantatsiyalarini yaratish. Har qanday holatda ham tanazzulga uchragan yaylovlar qayta tiklanishi lozim.

Go‘shtga talab va taklif

Go‘shtga talab bor ekan, chorva mollari soni ortaveradi — bu bozor qonuni. Biroq chorva mollari sonining o‘sishini tiyib turadigan mexanizmlar mavjud. Masalan, bir chorvador tomonidan saqlanadigan hayvonlar sonidan kelib chiqib hisoblanuvchi progressiv soliq.

iqlim o‘zgarishi, me’yoridan ortiqcha o‘tlatish, yaylovlar

Yaylovlardan foydalanganlik uchun differensial haq to‘lash mexanizmi yaylovlardan oqilona foydalanishga imkon yaratishi mumkin. Yaylovlar qanchalik hosildor bo‘lsa, chorva egasidan undiriladigan to‘lov shunchalik yuqori bo‘lishi lozim. Zero, hosildor yaylovlarda chorva mollari tezroq vazn yig‘adi, demak, chorvador ko‘proq foyda oladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatidan “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishlaricha, O‘zbekistonda chorvadorlar yaylovlardan foydalanganlik uchun haq to‘lamaydi. Biroq, mavjud vaziyatni inobatga olib, vazirlik Ispaniya, Portugaliya, Yaponiya va AQSh mutaxassislari bilan hamkorlikda yaylovlarni qayta tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqmoqda.

Bu chora-tadbirlar, shuningdek, chorvachilikni yanada samarali yuritishga olib kelishi mumkin, bunda kamroq sonli, biroq mahsuldorroq, nasldor, muayyan hududga moslashtirilgan chorva mollarini yetishtirish foydaliroq bo‘ladi.

Yaylovlardan foydalanishning mavjud tartiblarini o‘zgartirishni boshlashdan avval hozirgi vaziyatni turli nuqtai nazardan chuqur o‘rganish zarur. Uni biologlar, ekologlar, yaylovlar bo‘yicha mutaxassislar, iqtisodchilar va huquqshunoslar tadqiq etishi lozim. Bu turdagi mutaxassislarning birgalikdagi faoliyati tufayli ilmiy asoslangan, mutanosib qarorlar va real, uzoq muddatli istiqbol uchun barqaror iqtisodiy mexanizmlarni ishlab chiqish mumkin bo‘ladi.

Yaylovlardan oqilona, barqaror foydalanish masalasi — mamlakat kelajagi va uning oziq-ovqat xavfsizligi masalasidir. Insoniyat uzoq vaqtdan beri o‘z avlodlariga ham tegishli bo‘lgan resurslardan foydalanib keladi. Biz o‘z farzandlarimiz uchun nimadir qoldiramizmi?