O‘zbekistonda avgust oyida elektr energiyasi va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida tizimga 46 mlrd 229 mln so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi.

Vazirlik huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida avgust oyida 785 ta holatda tabiiy gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.

Bunda 29 mln 104 ming metr kub tabiiy gaz (26 mlrd 297 mln so‘m) va 38,9 mln kVt⋅soat elektr energiyasi (19 mlrd 932 mln so‘m) talon-toroj qilingan.

Noqonuniy foydalanishning eng ko‘p holatlari Andijon, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ushbu hajmdagi tabiiy gaz hozirgi kunda 145 ming 520 ta xonadonning, elektr energiyasi esa 194 ming 500 ta xonadonning bir oylik iste’moliga tengdir.

Solishtirish uchun, iyul oyida 28,2 mlrd so‘mlik tabiiy gaz va 11,8 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan (umumiy 40 mlrd so‘m) noqonuniy foydalanilgani ma’lum bo‘lgandi.