2023-yilning dastlabki 7 oyida O‘zbekiston hududida 4772 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu haqda Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning “Xalq so‘zi” gazetasining 5-sentabrda chop etilgan maqolasida aytib o‘tilgan.

YTHlarning 2 453 tasi yoki 51,4 foizi subyektiv sabablarga ko‘ra yuz bergan, ya’ni haydovchilar yo‘l harakati qoidalariga e’tibor bermasligi oqibatida kelib chiqqan.

O‘tgan yetti oyda O‘zbekistonda yo‘l-transport hodisalari oqibatida 1115 kishi vafot etgan, 4564 nafari turli tan jarohatlari olgan. Yo‘l-transport hodisalarida halok bo‘lganlarning 1078 nafari yoki 96,7 foizi xavfsizlik kamarini taqmagani aniqlangan.

Maqolada qayd etilishicha, Toshkent shahrining o‘zida 2023-yilning o‘tgan yetti oyida 675 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ushbu hodisalar oqibatida 71 kishi halok bo‘lgan, 787 kishi turli tan jarohatlari olgan. Hodisalarning 199 tasiga tezlikni oshirish sabab bo‘lgan. Haydovchilar tomonidan 90 ta holatda taqiqlovchi svetofor ishorasiga e’tibor berilmagan, mast holatdagi haydovchilar ishtirokida 8 ta YTH sodir etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning dastlabki 6 oyida O‘zbekistonda 3559 ta YTH sodir bo‘lgandi, ularda 2775 kishi jarohat olgan, 784 kishi esa halok bo‘lgandi.

2022-yil davomida esa respublika hududida jami 9902 YTH sodir etilgan bo‘lib, ularda 2356 nafar fuqarolar vafot etgan, 9606 nafari esa jarohatlangandi.