Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Sariosiyo tumanidagi 28-maktab direktori Umida Tursunovani kaltaklashda gumon qilingan shaxsni qo‘lga oldi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat prokuraturasi xabar berganidek, o‘qituvchining turmush o‘rtog‘i direktorni “dars soatlarini asossiz ravishda kamaytirigani” uchun kaltaklab, tan jarohati yetkazgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (Jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarib turgan hokimiyat vakili yoki jamoatchilik vakiliga yoxud bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

умида турсуноva, сурхондарё viloyati

Manba: Ijtimoiy tarmoqlar

Viloyat ma’muriyatining ma’lum qilishicha, gumonlanuvchi qamoqqa olingan. Uning hibsga olingani aks etgan video hokimiyat kanalida e’lon qilindi.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi tomonidan Umida Tursunovaga nisbatan himoya orderi berilgan. Davolash va sog‘lig‘ini tiklash uchun Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga o‘tkazilgan.

Avvalroq viloyat hokimligi Umida Tursunova bilan sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsusda ekanini bildirgandi. 31-avgust kuni kechqurun direktor davolanayotgan shifoxonaga viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov tashrif buyurgan.

Iyul oyi oxirida Sariosiyo tumanida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Umida Tursunova va Ulug‘bek Qosimov o‘rtasida janjal kelib chiqqandi. O‘z vazifasini bajara olmagani uchun ishdan bo‘shatilgani aytilgan direktor unga qarshi til biriktirilganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng uning yoniga ichki ishlar organi xodimi kelib, uni zaldan olib chiqib ketgan. U binodan chiqar ekan: “Hayf sizday viloyat hokimiga”, — deydi.

Shu kuni sud tomonidan ayolga “mayda bezorilik” va “ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik” moddalari bo‘yicha 10 sutkaga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Surxondaryo viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan. Yetti kundan keyin Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudyalar hay’ati hibsga olish muddatini 7 sutkaga qisqartirgan.