Brio Group (Oson brendi egasi) to‘lov tashkiloti “Gazeta.uz”ga O‘zbekiston Markaziy bankining qonunbuzilishi uchun qo‘llagan jarimasi bo‘yicha xabari yuzasidan izoh berdi. Shu bilan birga, kompaniya “O‘zbekistonning moliyaviy texnologiyalarni qo‘llovchi kompaniyalari (fintex) uchun yanada jiddiy muammolar yuzaga kelayotgani” haqida ma’lum qildi.

“Bizning kompaniya qariyb 7 yildan beri bozorda ishlab kelmoqda, biz hech qachon ko‘rsatmalar yoki ogohlantirishlar olmaganmiz, qoidabuzarlik jarimalarini ham to‘lamaganmiz. Bundan tashqari, regulyatorning iltimosiga binoan biz protseduralar doirasidagi barcha ma’lumotlarni taqdim etdik va shaffof ishlayapmiz, — deya ta’kidladi Brio Group bosh direktori Farhod Mahmudov. — Huquqshunoslar jamoasi hozirda jarima masalasiga aniqlik kiritish bilan shug‘ullanmoqda”.

brio group, oson, jarima, марказий bank, pul o‘tkazmalari, xalqaro pul o‘tkazmalari

Farhod Mahmudov.

Brio Group kompaniyasida qo‘shimcha qilishlaricha, OAVda xabarlar tarqalgach, O‘zbekistonning 50 dan ortiq fintex-tashkilotlari Markaziy bankdan 5-sentabrdan boshlab transchegaraviy davlatlararo tranzit operatsiyalarini amalga oshirish taqiqlanishi haqida xat olishgan. Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish, o‘yin xizmatlari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar, shuningdek, bir qator boshqa operatsiyalar amalga oshirish tugatilishini anglatadi.

“5-sentabrdan biz va barcha to‘lov tashkilotlariga hamma xalqaro servislarni o‘chirish majburiyatini yuklashyapti. Jahon miqyosidagi yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarimiz bor. Bundan kelib chiqadiki, biz regulyator bozorni yopib qo‘yayotganiga asoslanib, barcha kelishuvlarni bir tomonlama bekor qilishimiz kerak”, — dedi Farhod Mahmudov.

“Bu qanchalik shaffofligi va bu O‘zbekistonning xalqaro biznes, fintex va IT, global moliya institutlari investorlari oldidagi obro‘siga qanday ta’sir qilishi shubha ostida qolmoqda”, — deya ta’kidladi u.

Brio Group Markaziy bank rahbariyati bilan uchrashish bo‘yicha so‘rov yubordi.

Kompaniya “foydalanuvchilar, sanoat va xorijiy kompaniyalar manfaatlari yo‘lida shaffof muloqotni yo‘lga qo‘yish biznes va to‘lov tizimlarining millionlab mijozlari huquqlarini buzmasdan har qanday, hatto sanksiyaviy choralarini amalga oshirish uchun zarur, deb hisoblaydi”.

“Bizni ushbu xizmatlarni, ehtimol, ma’lum bir bankdan xarid qilish sari olib borishmoqda. Agar qoidalar shaffof, oldindan aytish mumkin va hamma uchun teng bo‘lsa, biz bu tizimga qarshi emasmiz”, — dedi Farhod Mahmudov.

“Rahbar sifatida, albatta, men jamoa va kompaniya uchun xavotirdaman. Shu bilan birga, biz uchun eng ko‘p o‘zbekistonlik muhojirlar bo‘lgan 2 milliondan ortiq foydalanuvchimizni yaqinlariga oddiy va qulay tarzda pul o‘tkazish va xizmatlar uchun to‘lash imkoniyatisiz qoldirmaslik muhimdir”, — deya so‘zini yakunladi u.