“Sietl-Toshkent” qardosh shaharlar assotsiatsiyasining Amerika delegatsiyasi shaharlar o‘rtasida qardosh shahar aloqalari o‘rnatilganining 50 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston poytaxtiga tashrif buyurdi. 29-avgust kuni delegatsiya vakillari Toshkentdagi “Sietl” bog‘i holati bilan tanishdi, deya xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Bu yerda besh yil avval, shuningdek, 1991-yilda ham bo‘lganman”, — dedi delegatsiya a’zosi Karen Segar. —  O‘shandan buyon park juda o‘zgardi. Uning bir qismini yopishdi, ammo park hozir avvalgidan yaxshiroq holatda".

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Sietl” bog‘i 1988-yilda Kirov bog‘i (keyinchalik Bobur bog‘i, hozirgi Do‘stlik bog‘i) hududida qurilgan. Inqilobdan oldingi yillarda Turkiston o‘lkasi general-gubernatori Kaufmanning dala hovlisi bo‘lgan. 2021-yildagi реконструкцияvaqtida “Sietl” bog‘i ham obodonlashtirildi.

Bog‘ning ochilishida undagi ariqcha va daraxtlar atrofidagi hovuzlar amerikalik bolalar tomonidan chizilgan keramik plitalar bilan qoplangan. Rekonstruksiya jarayonida ular asl namunalar bilan o‘xshashlikni saqlagan holda yangilandi.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Negadir eski, haqiqiy koshinlar hali ham yangilariga qaraganda yaxshiroq saqlanib qolgan”, deydi Toshkent xalqaro maktabi o‘qituvchisi Skott. U 12 yil avval Sietldan Toshkentga ko‘chib kelgan, biroq tug‘ilib o‘sgan shahri nomidagi bog‘ borligini yaqinda bilgan.

Amerikalik haykaltarosh Richard Bayerning “To‘rt avlod” haykaltaroshlik kompozitsiyasi ham qayta tiklandi. Bu yil delegatsiya kelishi bilan haykal qahramonlarining qo‘llari yana bir bor bog‘landi — ular vandallar tomonidan muntazam ravishda sindirib kelinadi.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

Bog‘ning shundoqqina yaqinida amalga oshirilayotgan qurilishdan Amerika delegatsiyasining dili xira bo‘ldi. Tevarak-atrofning obodonlashtirilganidan olingan taassurotni qurilish maydonchasining shovqini va yam-yashil daraxtlar uzra ko‘rinib turgan baland kranlar buzib turadi.

“Besh yil avval park juda yomon ahvolda edi, — dedi delegatsiya a’zosi Fred Lundaxl. — Kechasi mastlar kelib, kafellarni sindirishardi. Ma’muriyat tez orada kelishimizni bilardi. Park yaxshi holatga keltirildi, bu barchamizni xursand qildi, ammo keyin qurilish boshlandi. Men buni ko‘rib juda xafa bo‘ldim, lekin parkning kichik bir qismi yashaydi va bu xotira”.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

Kaufmanning dala hovlisi maydoni dastlab 16 gektar bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan bog‘ning bir qismi gul bozori, restoranlar va to‘xtash joylariga berildi. 2018-yildan shaharda ko‘p qavatli uylar va biznes markazlari qurilishi uchun bog‘ hududi ajratila boshlandi.

2021-yil noyabr oyida Do‘stlik bog‘ining maydoni 12 gektarga tushib qolgandi. Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov o‘shanda “Gazeta.uz”ga bergan intervyusida ko‘p qavatli uy qurilishini quruvchining ruxsati bo‘lmagani uchun to‘xtatib qo‘yganini aytgan edi. Bugungi kunda bino yuqoriga ko‘tarilishda davom etmoqda.

2022-yildan boshlab gul bozori hududi va “Sietl” kafesi joylashgan joy keng ko‘lamli qurilish uchun berildi. Hozirda qurilish devori “Sietl” bog‘i hududiga yaqinlashib qolgan.

Amerika shahri aholisi tomonidan bog‘ qurilishi paytida qo‘yilgan kapsula qurilish maydonchasi panjarasi ortida qoldi. U Sietl geografik koordinatalari o‘yib yozilgan bronza medalli tosh buyum edi. Toshkent koordinatalari yozilgan xuddi shunday nusxa Sietldagi O‘zbekiston poytaxti nomidagi bog‘da joylashgan.

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenikning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar hokimining turizm bo‘yicha o‘rinbosari Fahriddin Davrukov bog‘ yaqinida to‘siqlar qurish vaqtinchalik chora ekanini aytgan. Qurilish ishlari yakunlangach, to‘siqlar olib tashlanadi, qurilish uchun ajratilgan bog‘ hududi qayta tiklanadi.

Delegatsiya tashrifi arafasida “Do‘stlik” bog‘i ma’muriyati “Sietl” muzeyini, shuningdek, Shota Rustaveli ko‘chasiga eltadigan darvozani ochdi. Daraxtlarni o‘rab turgan ariqchalar bo‘ylab shaldirab suvlar oqdi. “Globus” favvorasida suv otilmoqda.

Bog‘ning bu funksiyalari har besh yilda bir marta O‘zbekiston poytaxtiga tashrif buyuradigan “Sietl-Toshkent” birodarlashgan shaharlar assotsiatsiyasi delegatsiyasining tashrifi, shuningdek, boshqa rasmiy shaxslarning kelishi vaqtidagina ishga tushiriladi.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Biz bog‘ hamma uchun, oddiy aholi uchun ochiq bo‘lishini, odamlar qardosh shaharlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishini istardik, — dedi assotsiatsiya vitse-prezidenti Fazliddin Shamsiyev AQShning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Xenikga murojaatida.

“Ishonchim komilki, Toshkent ma’muriyati „Sietl“ bog‘i kabi odamlar uchun muhim joyni saqlab qolishga harakat qiladi. Elchixonamiz qardosh shaharlar aloqalarini saqlab turadi, lekin qarorlar qabul qilishda ishtirok etmaydi [bog‘ faoliyati to‘g‘risida], chunki qardosh shahar munosabatlari hukumatlar o‘rtasida emas, balki odamlar, ikki shahar aholisi o‘rtasida o‘rnatiladi”, — dedi AQSh elchisi.

Jonatan Xenikning qayd etishicha, bog‘dagi uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, birinchi navbatda, har qanday loyihalar uchun uchrashish va birlashish imkoniga ega bo‘lgan odamlar o‘rtasida barpo etiladigan do‘stlik muhim ahamiyatga ega.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Toshkent va Siyetl o‘rtasidagi do‘stlik dunyodagi eng qadimiy qardosh shaharlardan biri bo‘lib, bu yil o‘zining 50 yilligini nishonlayotgani qalbimni ilitmoqda”, — dedi elchi.

Sietlda Toshkent bog‘i qanday saqlanadi?

“Sietl-Toshkent” birodarlashgan shaharlar assotsiatsiyasi vitse-prezidenti Fazliddin Shamsiyevning aytishicha, Sietl shahrida Toshkent bog‘i 1974-yilda ochilgan. Unda milliy bayramlar o‘tkazilib, Navro‘z, Mustaqillik bayrami sharafiga palov tayyorlanib, dasturxon yoziladi. Barcha vatandoshlar, shuningdek, Sietlga tashrif buyurgan O‘zbekiston delegatsiyalari Toshkent bog‘iga olib kelinmoqda.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

“Toshkent” bog‘ini saqlash xarajatlarini davlat to‘liq qoplaydi, — dedi “Gazeta.uz”ga delegatsiya ko‘ngillisi Sarvar Abdukarimov. U Sietlda 10 yildan ortiq yashagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, kommunal xizmatlar bog‘da ozodalikni saqlashiga qaramay, ko‘ngillilar ham tozalash ishlariga yordam berishadi.

“Toshkent” bog‘i “Sietl” bog‘iga qaraganda ancha kichik va ko‘proq ixcham xiyobonga o‘xshaydi, dedi Sarvar Abdukarimov. Yashil hududning asosiy bezaklari va shaharlar o‘rtasidagi do‘stlik ramzi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan haykaltarosh Yakov Shapironing Humo qushi tasvirlangan haykalidir.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

Marat Sodiqovning “Do‘stlik quruvchilari” ko‘rgazmasidan suratlar

2022-yil avgust oyida Toshkentdagi Human House galereyasida “Do‘stlik bunyodkorlari — Builders of Friendship” ko‘rgazmasi ochildi. Yosh rassom Marat Sodiqov “Sietl” bog‘ini qurish vaqtida ishchilar portretlari, shuningdek, manzaralarni chizgan.

“Do‘stlik bunyodkorlari” ko‘rgazmasi O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi bo‘lgan, ijod namunalari AQSh, Rossiya, Germaniya, Italiya, Fransiya va boshqa davlatlardagi galereyalar, muzeylar va xususiy kolleksiyalarda namoyish etilgan marhum Marat Sodiqov asarlari o‘rin olgan.

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar

сиэтл bog‘i, qardosh shahar