Xitoy O‘zbekistonga yangi temiryo‘l qatnovini yo‘lga qo‘ydi, deya xabar bermoqda Spot nashri “Sinxua” agentligiga tayanib.

China Railway Beijing Group kompaniyasiga qarashli yuk poyezdi 29-avgust kuni Xebey provinsiyasi Chjanjiaku shahridan Toshkentga jo‘nab ketdi. 14 ta konteyner platformasidan iborat poyezdda avtomobil ehtiyot qismlari, maishiy texnika va to‘qimachilik mahsulotlari olib ketilgan.

Poyezd yo‘nalishi Qozog‘iston bilan chegaradagi Xorgos quruq porti orqali o‘tadi. Taxminan 15 kun ichida O‘zbekiston poytaxtiga yetib borishi kutilmoqda.

Kompaniya yangi yo‘nalish mintaqada yuk tashishni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidlamoqda. Shuningdek, Chjanjiaku shahridagi temiryo‘l va avtomobil yo‘llari tutashuvi negizida yangi multimodal logistika markazini yaratish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida mamlakatning Siyamen portidan Sergeli stansiyasiga Eron orqali birinchi konteyner poyezdi harakati yo‘lga qo‘yilgandi. Iyul oyi boshida esa esa Xitoydan Langfan-Qashqar-Irkeshtom-Osh-Toshkent yangi multimodal yo‘nalishida konteynerli blok-poyezdi jo‘natilgandi. Butun yo‘lning masofasi taxminan 6000 kilometrni tashkil etadi.

Aprel oyida Qirg‘iziston Transport vazirligi vakili Nurmat Musabekov Xitoydan Qirg‘iziston va O‘zbekiston orqali o‘tadigan yangi temiryo‘l Yevropaga yuk tashish muddatini bir haftaga qisqartirishini ma’lum qilgandi.