O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni rekonstruksiyadan chiqqan Respublika bolalar kutubxonasiga tashrif buyurib, bolalar bilan kitobxonlikning afzalliklari, zamonaviy mobil qurilmalarning ijobiy va salbiy tomonlari haqida suhbatlashdi. Bu bo‘yicha videorolik davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Shavkat Mirziyoyev uch yoshli nabirasi xitoy tilini o‘rganayotganini aytdi. “Til bilgan odam butun dunyoni biladi. Til bilganga dunyo eshiklari ochiq, deydi ota-bobolarimiz. Shuning uchun dunyo eshiklari sizlarga ochiq bo‘lsin”, — dedi u.

“Umid qilamanki, bu kutubxona sizlarga yoqdi, bu yerga ko‘proq kelib, kitob bilan do‘st bo‘lsangiz, sizlardan juda minnatdor bo‘laman”, — dedi prezident.

“Mening nevaralarim ko‘p. Ulargayam aytaman: „Ko‘proq kitob o‘qisangiz, yaxshi bo‘ladi“. Lekin sizlarni (bolalar — tahr.) hozir eng qiziqtirgan narsa faqat telefon. Bu mening yomon ko‘rgan narsam (kuladi). Ming afsus, men ular telefonda o‘tirsa, yomon ko‘raman buni”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Lekin ular: „Bobojon, siz yomon ko‘rsangiz ham, dunyo telefonning ichida. Men dunyo voqealarini telefondan bilib olishim kerak“, deydi. Shuning uchun men yaxshi yoki yomon ko‘rganim emas, bu zamonning hozirgi talabi. Shu zamonga munosib [bo‘lmoqchi] bo‘lsak, telefonning ichida bo‘lishimiz kerak ekan”, — deya xulosa qildi u.

“Bugun bir-birimiz bilan tanishdik. Farzandlarini kutubxonaga yuborayotgan ota-onalarga o‘z nomimdan rahmat aytaman. Kelishdikmi? Sog‘ bo‘ling!” deya prezident bolalar bilan xayrlashdi.

“Gazeta.uz” ta’mirlangan kutubxonaning ichki qismi aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Shuningdek, rekonstruksiya loyihasi muallifi, Sankt-Peterburgdagi Ludi Architects arxitektura byurosi rahbari Lyubov Leonteva bilan intervyu e’lon qilingan.

31-avgust kuni kutubxonada ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tadi. Bir qator mahorat darslari va ma’ruzalar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.