30-avgust kuni 50 ta Volkswagen Caddy tez yordam avtomashinalarini Qashqadaryo va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi 103 shoxobchalariga yetkazib berish boshlandi, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

A toifali ushbu mashinalar Jizzakh Auto zavodi tomonidan yig‘ilgan. Foydalanilayotganiga 8 yildan oshgan mashinalarni yangilash lozimligi uchun 103 xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda.

Yil yakuniga qadar yana 610 dona ana shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki yurtimizda ishlab chiqarilgan 110 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlangandi. Shuningdek, fevral oyida yana 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etilgan.

Ma’lumot uchun, Volkswagen Caddy zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan. U xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.