O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi 31-avgust kuni Toshkentda Respublika bolalar kutubxonasi restavratsiyadan so‘ng ochilishini e’lon qildi.

Restavratsiya ishlari Sankt-Peterburgdagi Ludi Architects arxitektura byurosi loyihasi asosida 2020-yildan beri davom etayotgan edi.

Kutubxona binosi XIX asr oxirida qo‘qonlik tadbirkor aka-uka Vadyayevlar tomonidan qurilgan. Qurilganidan ko‘p o‘tmay oila binoni sotib yubordi hamda uning bir qismiga Toshkent shahar dumasi va xalq yig‘ini joylashdi, turar joy qismi esa bolalar kutubxonasiga aylantirildi.

O‘tgan asrning 60-yillarida Alisher Navoiy nomidagi kutubxonaning o‘smirlar bo‘limi Vadyayevlar uyining kutubxona binosiga ko‘chiriladi va keyinchalik u to‘liq Respublika bolalar kutubxonasi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

Kutubxonaning kitob fondi 1965-yildan shakllanib, 200 ming jildga yaqinni tashkil etgan. Restavratsiya ishlari davomida u kengaytirildi, unga yana 21 ming kitob qo‘shildi. Islom, Yevropa va zamonaviy san’atga oid kitoblar tanloviga alohida e’tibor qaratildi.

Doimiy ravishda to‘ldirilib boriladigan kitob fondining sifat darajasini nazorat qilish maqsadida “Irbis” elektron kutubxona boshqaruv tizimi joriy etildi. Unda risoladagidek to‘ldirish, tizimlashtirish, toifalashtirish, o‘quvchilarni izlash, kitoblarni berish va ma’muriy boshqaruvga oid zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan.

Bolalar va yoshlarni jalb qilish maqsadida barcha kutubxona maydonlari xalqaro standartlarga javob beruvchi ko‘p funksiyonal ahamiyat kasb etdi: mushtarak ilhom ijodxonalari va raqamli kontent bilan ishlash studiyasi vujudga keldi. Mebel va ish o‘rinlari asl hassos dizayn bo‘yicha ishlab chiqarilgan: turli buyumlarni saqlash tizimlari, qulay partalar, ma’ruzalarni tinglash, o‘qish, dam olish uchun modullar, audio kontent bilan yakka tartibda ishlash xonalari nazarda tutilgan. Mutolaa zallaridan tashqari kutubxonada kompyuter sinflari, kichik bosmaxona, ovoz yozish studiyasi mavjud.

“Biz bolalar va yoshlarning ijodiy va aqliy salohiyatlarini yanada rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan barcha narsalarni o‘zida mujassam etgan zamonaviy jamoatchilik maydonini yaratgan holda binoning tarixiy muhitini imkon qadar saqlab qolishga harakat qildik. Ishonchim komilki, kutubxona qo‘shma kashfiyotlar, sarguzashtlar maskaniga aylanib, bo‘sh vaqt va bilim olish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi”, — deydi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova.

Kutubxona binosining ichki qismida pardoz ishlari davomida qiziqarli topilmalarga duch kelindi. Ular orasida XX asrning 60-yillariga mansub manzarali devoriy suratlar ham bor. Tashrif buyuruvchilar kutubxonaning ichki qismidagi restavratsiya qilingan rangtasvir namunalarini tomosha qilishlari mumkin bo‘ladi.

“Bizning byuro ushbu loyihaga o‘zining barcha bilim va mehrini jo etdi, madaniyat muassasasi negizida mazkur jamoatchilik maskanini yaratish uchun ilg‘or tajriba va yetakchi mutaxassislar ishtirokidagi eng zamonaviy xulosa va tavsiyalardan foydalandi. Shahar ahlidan mushtarak qiziqish va ijobiy xayrixoh javoblarni kutib qolamiz. Shu singari amaliyot kutubxonalar va madaniyat markazlari negizida boshqa jamoat joylarini rivojlantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin”, — dedi Ludi Architects me’morchilik byurosi rahbari Lyubov Leonteva.

Jamg‘arma Toshkent shahri aholisi va mehmonlarini 31-avgust kuni Respublika bolalar kutubxonasining ochiq eshiklar kuniga taklif etdi. Kutubxonaning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirlar dasturi uning saytida mavjud. Ludi Architects kompaniyasining me’morchilik bo‘yicha mahorat saboqlari, kitob muhokamalari, xattotlik, robototexnika, fortepiano, floristika, Toshkent qushlari haqida ma’ruzalar, shuningdek, O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri tomonidan spektakl namoyish etilishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Respublika bolalar kutubxonasi 2020-yil sentabr oyidan rekonstruksiya qilish uchun yopilgan, ochilishi 2021-yil bahorida rejalashtirilgan edi. 2022-yilda “Gazeta.uz”ga ma’lum bo‘lishicha, rekonstruksiyani yakunlash muddati dizayn loyihasidagi o‘zgarishlar tufayli orqaga surilgan. O‘zgarishlar restavratorlar ish davomida tarixiy ustunlar topgani bilan bog‘liq edi. “Ular XIX asr oxiridagi bino markaziy intereri asl qiyofasining bir qismi edi. 1990-yillarning boshlarida ustunlar devorlar bilan to‘liq bekitilgan va o‘sha yillarda bino rejalarida ular bo‘lmagan”, — dedi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Joriy yil bahorida kutubxona ochilishi yana qoldirildi. Jamg‘arma buni kutubxona oldidagi hududni kompleks restavratsiya va obodonlashtirish ishlari bilan izohladi.