O‘zbekiston YUNESKO bilan birgalikda sun’iy intellekt sohasida etikani targ‘ib qilish orqali ilmiy muloqotni rag‘batlantirish maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi YUNESKO-O‘zbekiston xalqaro mukofotini ta’sis etdi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning 25-avgustdagi qarorida so‘z borgan.

Qaror sun’iy intellekt sohasida axloqiy jihatlar, inklyuzivlik va madaniy xilma-xillikni targ‘ib qilish maqsadida qabul qilindi, deyiladi hujjatda.

Qarorda 4−8-sentabr kunlari YUNESKOning Parijdagi (Fransiya) bosh qarorgohida olim va faylasuf hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro ko‘rgazma va tadbirlar o‘tkazilishi ma’lum qilingan.

Ko‘rgazma uchun jahon kutubxonalarida saqlanayotgan Beruniy qo‘lyozmalarining nusxalarini o‘z ichiga olgan maxsus katalog nashr etiladi. Tadbir doirasida O‘zbekiston davlat filarmoniyasining konserti bo‘lib o‘tadi.

O‘tgan yilning avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Beruniy (973−1048) tavalludining 1050-yilligini xalqaro miqyosda keng nishonlash to‘g‘risidagi qarorni imzolagandi. Hujjatda Beruniy nomi bilan bog‘liq obida va qadamjolarni, shu jumladan, Abu Rayhon Beruniy sharafiga o‘rnatilgan yodgorlik majmualarini mukammal ta’mirlash va ularning hududlarini obodonlashtirish, “Buyuk Beruniy merosi” xalqaro sayyohlik marshrutlarini yo‘lga qo‘yish, olimlar va mutaxassislarning taklif-mulohazalari asosida ishlab chiqiladigan konsepsiya asosida Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida Beruniy majmuasini qurish va uning hududida ilmiy-ma’rifiy, madaniy va dam olish hamda turizm obyektlari faoliyatini tashkil qilish kabilar belgilangan.

Beruniy tavalludining 1050-yilligi 2022−2023-yillarda YUNESKO ishtirokida nishonlanadi. Bu taklif O‘zbekiston tashabbusi bilan Tojikiston, Eron va Turkiya ko‘magida ilgari surilgan.