Buyuk Britaniyada koronavirus pandemiyasi boshida qarindoshlarini yo‘qotgan 30 ta oila Britaniya hukumati, shuningdek, bir qator qariyalar uyi va shifoxonalarni sudga berdi, deya xabar bermoqda The Guardian.

Da’vogarlarning ta’kidlashicha, hukumat ularning yaqinlari o‘limining oldini olish va ularga yetkazilgan ma’naviy zararni qoplash uchun yetarli chora ko‘rmagan. Qayd etishlaricha, rasmiylar qarindoshlarining yashash huquqi, shaxsiy va oilaviy hayotga hurmat va kamsitishdan himoyalanish huquqini himoya qila olmagan.

Da’volar 2020-yildagi o‘lim holatlari bilan bog‘liq bo‘lib, o‘shanda hukumat qarori bilan COVID-19 bilan kasallangan bemorlar kasalxonalardan hech qanday testlarsiz va izolyatsiya talablariga rioya qilinmagan holda qariyalar uylariga o‘tkazilgan.

O‘tgan yili London Oliy sudi bunday siyosatni noqonuniy deb topdi, chunki unda keksalar va qariyalar uylarining zaif aholisiga virusning asemptomatik yuqishi xavfi hisobga olinmagan, deya aniqlik kiritdi BBC.

Buyuk Britaniya Milliy statistika byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yil mart boshidan iyun boshigacha Angliya va Uelsdagi qariyalar uylarining 20 mingga yaqin aholisi COVID-19 asoratlaridan vafot etgan.

Da’vogarlardan birining The Guardian nashriga uning aqli zaif bo‘lgan otasi u yashagan qariyalar uyida virus yuqtirganidan keyin COVID-19 dan vafot etganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u otasini ko‘rishga kelganida, xodimlar shaxsiy himoya vositalaridan foydalanmayotganini va shifokorlarning kovid uchun testlari tugab qolganiga guvoh bo‘lgan.

Pandemiya boshlanganidan buyon Britaniyada jami 229 mingdan ortiq koronavirus tufayli o‘lim holatlari qayd etilgan.

Koronavirus qurbonlarining qarindoshlari hokimiyatga beparvolik sababli sudga murojaat qilishlari birinchi marta emas. Avvalroq Italiya va Ispaniyada ham jabrlanganlarning oilalari sudga murojaat qilgan.