Internet foydalanuvchilari Google xaritada Toshkentdagi bir qator maktablar nomlarini kinoyulduzlar, qo‘shiqchilar, kinoqahramonlar, boshqa mashhur shaxslar, shuningdek, internet-memlar sharafiga qayta nomladi.

Agar xaritaga kirib, “nomidagi maktab” (“shkola imeni”) deb qidirilsa, bir nechta ismlar va nomlarni uchratish mumkin: Rayan Gosling nomidagi ikkita maktab, Bred Pitt, Jeyson Steytem, Kendrik Lamar, Jozef Jostar, Patrik Beytmen, Skott Kouton, Aleksey Navalniy, ulug‘bekozavr, “babuling” va “og‘maxon, shinshilla, dengiz cho‘chqasi va tushkanchik” nomidagi maktablar.

Manba: Instagram “Gazeta.uz”.

Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi 61-maktabga Rayan Gosling nomi berilganini “yolg‘on” deb, bu bo‘yicha raddiya e’lon qildi.

“Bugungi kunda poytaxtning 12 ta tumanida 232 ta umumta’lim maktabi mavjud. Ularning hech biriga alohida nom berilmagan”, — deyiladi xabarda.

Manba: Instagram “Gazeta.uz”.

Maktablarning “nomini o‘zgartirish” yoshlar o‘rtasidagi chellenjga o‘xshaydi, ular shu yo‘l bilan o‘z maktabini boshqalardan ajratib ko‘rsatish va boshqalarga qaraganda “zo‘rroq” ekanini namoyish etishga urinayotgandek, deydi “Gazeta.uz” o‘quvchilardan biri. Uning aytishicha, bunday holatlarni boshqa mamlakatlarda ham kuzatish mumkin.

Google xaritadagi har qanday ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi obyektlar nomini o‘zgartirishi mumkin.