O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-avgust kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va yil yakunigacha bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Davlat rahbarining matbuot xizmati xabariga ko‘ra, so‘nggi yillarda viloyat izchil rivojlanmoqda, lekin bu barcha tumanlarda mutanosib emas.

Hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yetti oyda viloyatda 600 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi 5 yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.

“Albatta, Samarqandda o‘zgarishlar bo‘ldi. Bu prezidentni qoniqtiradimi yoki yo‘qmi? Meni qoniqtirmaydi. Samarqandning odamlari bu islohotlar ularning uylariga, xonadonlariga qachon kirib kelar ekan, deb kutib o‘tiribdi”, — dedi davlat rahbari.

Joylardagi hokimlar “uyg‘onishi” kerak, aks holda, ularni lavozimidan ketishga majbur qilamiz, dedi prezident.

“[Samarqand viloyatida] 150 ming ishsiz bor, 220 ming nafari chetda yuribdi. Odamlarni daromadli qilsa bo‘ladimi, kim qiladi shuni? 14 ta tuman va 2 ta shahar rahbarlari qiladi”, — dedi u.

Prezident mehnat muhojirlarining yaqinlari xorijda qancha daromad olishidan qat’i nazar, har kuni ular haqida qayg‘urishini ta’kidladi.

“Mening niyatim — ularni tezroq qaytarib olib kelish, sharoit va ish o‘rinlari yaratish. O‘ylaymanki, ular rozi bo‘ladi va mening ham niyatlarim amalga oshadi”, — dedi davlat rahbari.

Agar hokim “odil, fidoyi, vatanparvar” bo‘lsa, o‘z jamoasini ishlata olsa, bunday sohalarda muammo bo‘lmaydi", — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Viloyat hokimining o‘rinbosarlari hammasi tumanlarni bo‘lib, 1126 ta mahallaga borib „yotib olsa“, xalqni ishontira oladi. Mahalla, tuman rahbarlarining dunyoqarashi o‘zgarmasa, ular jon kuydirmasa, natija bo‘lmaydi”, — dedi u.

Prezident mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 milliard so‘m ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar yer bo‘sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

“Samarqandda so‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan, lekin viloyatda deyarli generatsiya yo‘qligi sabab yil yakunida 650 mln kilovatt soat yoki o‘tgan yilgiga nisbatan uch baravar ko‘p defitsit bo‘lishi kutilmoqda. U viloyat hokimi va uning o‘rinbosari, shuningdek, energetika vazirining birinchi o‘rinbosarini tanqid qildi. “Hamma topshiriqni beryapmiz, lekin qishda svet o‘chsa, samarqandliklar Turdimov demaydi, “Mirziyoyev qayerga qarayapti?” deydi. Tuman hokimi, viloyat hokimining noinsof o‘rinbosari shu sohaning egasi, oylik olyapti, noinsof, demaydi”, — degandi u.

Prezident Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasini qo‘ydi.

Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni ko‘paytirish, yo‘llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta’kidlandi. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

“Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o‘rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to‘rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.