Toshkent shahri xalq deputatlari kengashi 18-avgust kuni 2023-yilda mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 360,7 mlrd so‘m mablag‘ni taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Mablag‘ quyidagicha taqsimlanadi:

  • 3,9 mlrd so‘m — Bektemir va Yashnobod tumanlarining elektr uzatish tarmoqlaridagi qurilish-montaj ishlariga;
  • 30 mlrd so‘m — davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari (harakatsizligi) oqibatida zarar ko‘rgan tadbirkorlar va fuqarolarga yetkazilgan zararni qoplashga;
  • 70,3 mlrd so‘m — 1800 ta kam ta’minlangan oila uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki to‘lov va foizlarning bir qismini qoplashga;
  • 20,1 mlrd so‘m — Nukus shahridagi kam ta’minlangan oilalar uylarining tom qismini ta’mirlash (yopish) va avariya holatidagi uy-joylarni qayta qurishga;
  • 0,5 mlrd so‘m — “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tutash hududdagi mehmonxona majmuasini suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlariga ulash, shuningdek, ichki yo‘llarni qurish va obodonlashtirishga;
  • 34,8 mlrd so‘m — 2022-yildan keyin poytaxtga qo‘shilgan mahallalardagi ijtimoiy infratuzilma obyektlari va boshqa obyektlarni ta’mirlash, qurish va obodonlashtirish ishlarini yakunlashga;
  • 35,7 mlrd so‘m — o‘tgan yillardagi ijtimoiy sohadagi qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha kreditorlik qarzlarini qoplashga;
  • 3,16 mlrd so‘m — prokuratura organlari faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik markazi binosini ta’mirlashga;
  • 21,5 mlrd so‘m — 527-sonli (12,4 mlrd) va 194-sonli (9,09 mlrd) davlat bolalar bog‘chalarini rekonstruksiya qilishga;
  • 6,16 mlrd so‘m — Yunusobod tumanidagi “Oqtepa” mahallasida yangi kanalizatsiya tarmog‘ini o‘tkazishga;
  • 39,75 milliard so‘m — tuman hokimliklari qoshidagi “Ayollar daftari” jamg‘armalarini shakllantirishga;
  • 39,75 milliard so‘m — tumanlar hokimliklari qoshidagi “Yoshlar daftari” jamg‘armalarini shakllantirishga;
  • 15 milliard so‘m — “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishga;
  • 26,5 milliard so‘m — Bolalarni sog‘lomlashtirish va aholi salomatligini tiklashga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirishga;
  • 13,2 milliard so‘m — Yangihayot tumanini tashkil etish ishlarini moliyalashtirishga;
  • 250 million so‘m — fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida Pensiya jamg‘armasining Yunusobod hududiy boshqarmasida xodimlar faoliyatini maxsus qurilmalar orqali baholash va elektron navbat tizimlarini joriy etishga.

Eslatib o‘tamiz, kengash o‘z majlislarini jonli efirda namoyish etishni to‘xtatgan.

Avvalroq “Gazeta.uz” Toshkent shahar budjetining 2023-yilgi daromadlari va xarajatlari haqida yozgandi.