Toshkent shahrida ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalari yopilgani munosabati bilan jamoat avtobuslari boshqa shoxobchalarga borib, katta navbat hosil qilmoqda. Tarmoqlarda avtobuslarning uzun navbatlarda turgani aks etgan video paydo bo‘ldi.

“Toshshahartransxizmat” AJ holatga rasmiy munosabat berib, hozirda masalani hal etish uchun tashkilot shahar hokimligida “Hududgazta’minot” AJ bilan tezkor ishchi guruh tuzganini bildirdi.

Keltirilishicha, poytaxtdagi mavjud yonilg‘i quyish shoxobchalarida avtobuslar uchun qo‘shimcha yonilg‘i quyish stansiyalari ajratilgan.

Tabiiy gazda harakatlanadigan avtobuslarning uzluksiz ishlashi bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, deyiladi xabarda.

Avvalroq Toshkentda elektrobus haydovchilari mashinalarni quvvatlash bo‘yicha shikoyat yo‘llagandi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kechikishlar tufayli rejani bajarib bo‘lmagan, shuningdek, harakat muntazamligi buzilgan.

Keyinroq “Toshshahartransxizmat” boshqa avtoparklardagi quvvat joylarini bo‘lib berish orqali muammo hal etilganini bildirgan.