20-avgust kuni Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumanida turmush qurganiga hali bir oy ham bo‘lmagan 20 yoshli kelinchak o‘zini osib o‘ldirgani haqida xabar berilgandi. Marhumaning yaqinlariga ko‘ra, kelinchak turmush o‘rtog‘i kaltaklayotganini aytib, oila a’zolaridan uni olib ketishlarini so‘ragan.

Kelinning qarindoshlari o‘lim sababiga shubha bildirmoqda. Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilayotgani, o‘lim sababini aniqlash maqsadida sud tibbiy ekspertizasi tayinlanganini ma’lum qilgan.

Adliya vazirligining Hudud24 nashriga ko‘ra, marhuma Zulayho Toshtemirova O‘zbekiston tumanida yashagan va tibbiyot bilim yurtida tahsil olgan. U shu yilning 22-iyun kuni o‘zidan 10 yosh katta, (1993) Yaypan shahrida istiqomat qiluvchi yigitga turmushga chiqqan. Oradan bir oy o‘tmay, 20-avgust kuni yosh kelin, huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilgan.

Marhumaning yaqinlari uning tanasida kaltaklanish izlari topilganini ma’lum qilgan.

Marhumaning otasi G‘ofurjon Xudoyberdiyev Hudud24`ga bergan intervyusida qizining o‘z joniga qasd qilganiga ishonmasligini aytmoqda.

“Avvalgi kuni keldi, jiyanining tug‘ilgan kuni edi, chiroyli kelib, o‘tirib ketdi, o‘zim uyiga tashlab qo‘ydim. Hammayoq tinch edi, qizim biron narsadan nolimadi, arz qilmadi. Axir kenja farzandim-ku, erkatoy qizim-ku, har doim nima bo‘lsa aytardi, biron gap bo‘lsa, o‘sha kuni menga aytmasmidi?” — deydi ota.

Men o‘z joniga qasd qilganiga ishonmayman. Ish oxiriga yetmaguncha, jinoyatchilar jazosini olmaguncha qo‘ymayman. Axir itniyam bunchalik azoblamaydi. Bu narsa uyushtirilgan. O‘sha uyda yashagan payti qizimning telefonlarigacha olib qo‘yishgan… itga o‘xshab ustidan qulflab ketarkan, bir o‘zi uyda qolarkan… Men bu narsaning tagiga yetaman! Ular ko‘pchilik: opalari, tog‘alari bor. Ammo hammasi qochib ketdi-ku, bir gap borki, menga ro‘para kelmayapti… Sizlar nimadir qila olsalaringiz qilinglar, adolat ro‘yobga chiqsin. Bo‘lmasa, o‘zim, albatta, hammasining tagiga yetaman!” — deydi G‘ofurjon Xudoyberdiyev.

Bu oilaga qo‘shni bo‘lgan Nozimjon Amirov marhuma Zulayho Toshtemirovaga 7−8 sinfligidan maktabga borishiga ruxsat berilmagani, attestatini pulga olib berishgani, ko‘chaga chiqarilmagani va hudud urf-odatiga ko‘ra, qizlar ma’lum yoshga yetgach, maktabga yuborilmasligi haqidagi mish-mishlarni rad etgan.

“Yo‘q, umuman bu noto‘g‘ri gap. Rahmatli Zulayho mening qizim bilan sinfdosh edi. Birgalikda gul ko‘tarib sentabrda birinchi qo‘ng‘iroqqa borishgan, to maktabni bitirguncha birga o‘qishgan. Zulayho ko‘z oldimizda katta bo‘lgan, a’lochi, odobli, tarbiyali qiz edi. Tibbiyot bilim yurtini tamomlab, hamshira bo‘lish arafasida edi. Uyda ushlab o‘tirilgan qiz bo‘lsa, tibbiyot bilim yurtiga kiritisharmidi?” — deydi Nozimjon Amirov.

Fojiani ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoatchilikka ma’lum qilgan Zulayho Toshtemirovaning ammasi kuyov tomondagilar ishni bosti-bosti qilib yuborishidan xavotirda. “Chunki ildizi baquvvat odamlar…”, — deydi u.

“Bundan 5 oy avval — 8-mart kuni ukam Ravshanbek Xudoyberdiyev fojiali vafot etgan. Uni hech kim turmaydigan uyida jasadi bo‘ynidan osilgan holda topdik. Ukam rahmatli tuman hokimligiga yaqin inson edi, ta’minotchi firmaning egasi edi. Pul masalasida muammolari bo‘lgan, shunga o‘zini osgan deyishdi. Biz bunga ishonmasak ham, hech qayerga chiqmadik, dafn qildik”, — deydi ayol.

“Vafotidan so‘ng ham hokimlikdan hech kim xabar olmadi, eshigimizdan odamlar qarzlarini so‘rab kelishyapti. Bechoraning yetimlariga bola puli ham, hatto dafn pulini ham olmadik. Mana kecha jiyanim bilan bo‘lgan musibatda ijtimoiy tarmoqqa chiqargandik, hokimlik ukamning oilasidan ham xabar ola boshladi. Agar indamasak, bu ish ham yopilib ketadi, aybdorlar jazosiz qoladi, degan fikrda bu xabarni ommaga olib chiqdim”, — deydi marhumaning ammasi.

Uning qayd etishicha, hozirgi kunda kuyov tomon “bularning zotida shunaqa odat bor, amakisi ham vosvosga uchrab, o‘zini o‘ldirgan” deya Zulayho Toshtemirovaning o‘zini aybdor qilishga urinmoqda. “Buni yaxshilab tekshirishlari kerak. Amakisi joniga qasd qilgan deb jiyanining o‘limini shunday yopib yubormaydilar-ku”, — deydi u.

“Ular sovchi orqali tanishishgan. Lekin kuyov o‘zi shu qizga uylanaman deb turib oldi. Rahmatli jiyanim mahallaning oldi qizlaridan edi, ko‘zga yaqin edi. Biz hali to‘yga tayyor emasmiz, diplomini olishi kerak desak, o‘zimiz diplomini olib beramiz deb qo‘yarda-qo‘ymay to‘yni boshlab yuborishdi. Zulayho rozi bo‘ldi, shu yigitga tegaman dedi”, — deya qo‘shimcha qildi ayol.

Ammaning ta’kidlashicha, marhuma vafotidan 3 kun oldin ota uyiga kelgan, ranglari oqargan, horg‘in edi.

“Jiyanining tug‘ilgan kuni edi, biz ham o‘sha yerda edik. Asli Zulayho bir gapirib o‘n kuladigan, quvnoq qiz edi. O‘sha kuni rangi bir ahvolligini ko‘rib, „Sen yaxshimisan, baxtlimisan, hayotingdan mamnunmisan?“ deb so‘radik. Ha dediyu, ko‘zlarini olib qochdi. Keyin ichkari xonaga kirib ketdi. O‘sha kuni dugonalari bilan gaplashgan, ularga „Erga tegishga shoshilmanglar, erga tegish yaxshi emas ekan“ degan”, — deydi u.

“Zulayho o‘sha kuni onasiga dardini aytib, kuyov qo‘pol munosabatda bo‘layotganini, bir kuni ho‘l sochini bilmasdan kuyovning bo‘yniga tekkizgani uchun qulog‘i aralash bo‘yniga qattiq urganini, karavotdan pastga tushib ketganini aytgan. Onasi „O‘zingdan ham o‘tgandir, soching kutilmaganda qattiq tekkandir, bexosdan urib yuborgandir. Turmush shunaqa, silliq bo‘lmaydi. Sabr qil“ degan”, — deyiladi xabarda.

Marhuma esa kuyovning oilasidagilar uni xo‘rlayotgani, kambag‘alsan, deb kamsitayotgani, qaynonasi yarim tun soat 00:30 gacha qo‘yvormay, oyog‘iga yog‘ surttirib ushlab o‘tirgani, turmush o‘rtog‘i uyga doim kech kelishini aytgan. Ayasi esa “hamma ro‘zg‘orda o‘tadi, chidagin” deb nasihat qilgan, qo‘liga “xarajatlaringga ishlatarsan” deb, 500 ming so‘m bergan va uyiga jo‘natgan.

Ammaning aytishicha, o‘sha kuni kechga yaqin kuyov bilan o‘rtasida janjal bo‘lgan. Zulayho qochgan, ko‘chada hushidan ketgan. Mahalladagilar “skoriy” chaqirgan, kasalxonaga olib borib, muolajalar qilishgan. Qaynonasi o‘zi kasalxonadan olib ketgan. Uyida eri yana urgan.

“Ertasiga opasi Zarnigorni chaqirishgan, „singlingizni tartibga chaqiring, gapimizga quloq solmayapti, uylarni tozalamayapti, changlarni artmayapti“ degan. Zarnigor „Aybi shu xolosmi, sizlarga berganda aytganmiz, erkatoy deganmiz, yaxshi gapirsanglar qiladi“ degan. Er-xotinni yarashtirib, yaxshilik bilan kulib-kulib gapirib ketgan. Kuyov ham endi yaxshi yashaymiz degan. O‘sha kuni kechki payt qaynsinglisi qo‘ng‘iroq qilgan, „hali ayam qattiq gapirib yuboribdi, Zulayho juda yaxshi, uy ishlarini qilyapti“ degan”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Oradan bir kuni o‘tib, ya’ni 20-avgust ertalab yana qaynisinglisi Zarnigorga telefon qilib: “Singlingiz yana ayamning gaplariga quloq solmay, qovoq solib oldi. Kechqurun yaxshi gapirib kirib ketuvdi, ertalab qovog‘ini solib chiqdi”, degan.

“Zarnigor kattalarni aralashtirmasak bo‘lmaydi, shekilli, mayli, men kattalarga aytib, birga boramiz desa, yo‘q o‘zingiz keling degan. Oradan 20−25 daqiqa o‘tmasdan Zarnigor ularga qayta aloqaga chiqib, ukam bilan ketyapman degan. Lekin oradan yana biroz vaqt o‘tib, u tomondan qo‘ng‘iroq bo‘lgan va „Singlingiz o‘zini osib o‘ldiribdi, tezroq yetib keling“ deyishgan. Ular borganida uyda odam ko‘p bo‘lgan, Zulayho hovlida yerda yotgan bo‘lgan…”, — deydi marhumaning ammasi.

U Zulayho erka, hayotga chanqoq qiz bo‘lgani, o‘zini shunchaki o‘ldirishiga ishonmasligini bildirdi.

“Bilishimizcha, kuyov avval bir qizni sevgan, lekin u boshqaga tegib ketgan. Shunda ham bular telefonda gaplashib yurganini u ayolning eri bilib qolgach, ajrashib ketishgan. Biz o‘sha ayolni unutolmasa-chi, jiyanimni bebaxt qilsa-chi, deganimizda sovchilar yo‘q, u o‘tmishda qoldi, deyishgandi. Biroq chillali kuyovning uyga yarim tunda kelishi, yosh kelinchakni arzimas narsaga kaltaklashi qaysi quyushqonga sig‘adi, buni nima bilan izohlash mumkin? Axir bularda asal oyi, bir-biriga talpinib yashashi kerak bo‘lgan, uncha-buncha aybi ko‘zga ko‘rinmaydigan davri-ku. Jiyanim rahmatli „Iqbol akam meni istamayapti, shekilli“ degan ekan onasiga. Kim bilsin yana. Tergov aniqlashtirar haqiqatni”, — deya qo‘shimcha qildi marhumaning ammasi.