O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Toshkentda chorrahalar oldidan mashinalar to‘xtab turgani sababli boshqa avtomobil haydovchilari beixtiyor yo‘l harakati qoidalarini buzib (uzluksiz chiziqni bosishga), jarimaga tortilayotgani bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan bayonot berdi. Bu haqda “Gazeta.uz” avvalroq batafsil yozgan edi.

Bayonotda YHXX tomonidan internetdagi fotosuratlar, videolar va xabarlar o‘rganilayotgani hamda ushbu xabarlarga “xolis baho” berish, shuningdek, yo‘l infratuzilmasi va texnik vositalarni tashkil etish holatini ko‘rib chiqish uchun ishchi guruh tuzilgani aytiladi. Guruh tarkibiga YHXX, Transport vazirligi va Toshkent hokimligi vakillari kiritilgan.

Xizmat prezidentning 2020-yil 7-dekabrdagi qarorida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida 2021-yil 1-martdan boshlab tadbirkorlik subyektlariga avtomobil yo‘llarida texnik vositalari o‘rnatish huquqi berilganini eslatib o‘tdi.

Mazkur qarorlar talablari asosida tadbirkorlik subyektlari tomonidan o‘rnatilgan texnik vositalar bo‘yicha mas’ul tashkilot va idoralar tomonidan tegishli texnik xulosalar berilib, test sinovlaridan o‘tkazilgandan keyin ishga tushiriladi.

“Shunday bo‘lsada, bugungi kunda ishchi guruh tomonidan chorrahalarda yo‘l harakati qanday tashkil etilganligi (yo‘l belgilari va ko‘rsatkichlari to‘g‘ri o‘rnatilganligi, yo‘l chiziqlari chizilganligi va boshqalar), chorrahalardagi texnik vositalarning holati qaytadan o‘rganib chiqilmoqda”, — deyiladi xabarda.

O‘rganishlar natijalariga ko‘ra, YHXX qo‘shimcha ma’lumotlar berilishini va’da qilmoqda.

“Gazeta.uz” ushbu muammoni belgilar, ustunchalar, taqiqlovchi belgilar o‘rnatish, shuningdek, chorrahaga juda yaqin joylashgan avtoturargohlarni qayta tashkil etish orqali hal qilish mumkinligini yozdi.

Qancha haydovchi beixtiyor qoidabuzar bo‘lib chiqdi, chiqarilgan jarimalar bekor qilinadimi va pul to‘lab bo‘lgan haydovchilarga qaytariladimi, noma’lum.

Avvalroq “Yuksalish” umumxalq harakati rahbari Bobur Bekmurodov tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan kameralardan so‘nggi haftalarda chiqarilgan yo‘l harakati qoidabuzarliklari bo‘yicha barcha bayonnomalarni tekshirish, shuningdek, asossiz berilgan jarimalarni bekor qilishga chaqirgan edi.