Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 2-avtobus bekati hududida turgan elektrobuslar haydovchilarining mashinalarni quvvatlashdagi muammolardan shikoyat qilgan videomurojaati tarqalgandi. Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ boshqaruv raisi va mutasaddi xodimlari haydovchilar bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.

Videoda 10 ga yaqin haydovchining “tepadagi rahbarlar”ga murojaat qilib, muammolarini aytayotganini ko‘rish mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilar har kuni ertalab soat 4−4:30 da ishga keladi, lekin mashinalar quvvatlanmagan bo‘ladi.

Qayd etilishicha, ushbu videomuraatdan so‘ng haydovchilar bilan uchrashuv tashkil etilgan.

“Murojaatimizdan keyin ertasi kun majlis o‘tkazib, boshqa avtoparklardagi „zaryadka“ joylari bizga bo‘lib berildi. Hozir o‘zimizni grafikka ulguryapmiz, zaryadlash uchun ertalabgacha qolib ketmayapmiz. Oylik masalasiga kelsak, shu hafta oxirigacha tushirib berishni va’da qilishdi”, — dedi haydovchilardan biri Jamshid Imametov.

Avvalroq avtoturargohlarda zaryadlash stansiyalari yetishmayotgani xabar qilingandi. May oyida Toshkentga yangi avtobuslar va katta sig‘imli elektrobuslar kela boshlaganida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati zaryadlash shoxobchalari yetishmayotgani sababli ayrim elektrobuslar yo‘nalishga chiqmaganini tan olgan.

Kompaniya, shuningdek, barcha zaryadlash stansiyalari tarmoqqa ulanmagani, chunki ularning yuqori quvvati tufayli tegishli elektr infratuzilmasini talab etishini ma’lum qilgan.