O‘zbekiston va Vengriya hukumatlari vakillari 19-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga tashrifi doirasida atom energetikasi sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi, deb xabar bermoqda Vengriyaning Világgazdaság biznes gazetasi shanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumani ma’lumotlariga tayanib.

аэс, венгрия, лазиз кuдратов, петер сийярто

Laziz Kudratov va Alisherbek Paygamov

Bu masala investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda O‘zbekiston Prezidenti administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Alisherbek Paygamovning (Prezident administratsiyasi tuzilmasi o‘zgarishidan oldin) Vengriya tashqi ishlar va savdo vaziri Peter Siyyarto bilan uchrashuvida muhokama qilindi.

Siyyartoning ta’kidlashicha, O‘zbekiston ham Vengriya kabi atom energiyasini xavfsiz, arzon va ishonchli energiya ta’minoti kafolati deb biladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston atom elektr stansiyasini Vengriya tomoni taqdim etishi mumkin bo‘lgan quruq sovitish texnologiyasidan foydalangan holda qurishni rejalashtirmoqda.

“Agar O‘zbekistondagi yadroviy loyihada oldinga siljish kuzatiladigan bo‘lsa, Vengriyaning quruq sovitish texnologiyasi qo‘llanishi to‘g‘risida kelishuvga erishildi, bu esa yadroviy sohadagi Rossiya-O‘zbekiston-Vengriya qo‘shma hamkorligi yuzlab million yevroni tashkil etishini anglatadi”, — dedi Peter Siyyarto.

Uning Facebook`dagi sahifasida e’lon qilingan videoda aytilishicha, O‘zbekiston tomoni bu texnologiyadan foydalanish imkoniyatini mablag‘ yo‘qligi sababli ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston va Vengriya Vengriyaning Eniox kompaniyasi tomonidan qo‘llanayotgan yirik issiqlik elektr stansiyalarida, jumladan, atom elektr stansiyalarida aylanma suvni sovitishning “quruq” usulidan foydalanish masalasini 2020-yil iyul oyida muhokama qilgandi. Vengriya tomoni ushbu loyihada Eniox ishtirokini “Eksimbank Vengriya” 130 million yevro miqdorida moliyalashtirishga tayyorligini bildirgandi.

Vengriyada 1982-yildan beri “Paksh” AES ishlaydi. 2032-yildan boshlab uning energobloklarini rejalashtirilgan holda ekspluatatsiyadan chiqarish boshlanadi. Hozirda Vengriyada VVER-1200 reaktorlari asosidagi ikkita energoblokka ega “3+” avlod rus dizaynidagi “Paksh-2” atom elektr stansiyasini qurish loyihasi boshlangan. Uning qurilishi 2024-yilda boshlanadi.

2023-yil may oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov O‘zbekiston “Rosatom” bilan atom elektr stansiyasini qurish masalasini muhokama qilishda davom etayotgani, shuningdek, parallel ravishda kichik yadro reaktorlari sohasida erishilgan yutuqlar o‘rganayotganini aytgandi. “AES qurish davlat uchun juda jiddiy majburiyat. Biz har qanday xavfni bartaraf etishimiz kerak”, — degandi u.