Vazirlar Mahkamasining [406-sonli] qarori bilan 21-avgustdan boshlab avtobuslarda yo‘lovchilarni kechasi tashishga ruxsat berilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, avtobus haydovchilari yo‘lovchilarni tunda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishiga ruxsat beriladi. Bunda haydovchilar mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalariga ega bo‘lishi kerak. Rejimga rioya etilishini nazorat qiluvchi inspektorlar 2024-yil 1-yanvardan zarur qurilmalar bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, 1-yanvardan shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtotransportlar haydovchilarining ish vaqti tabellar, yo‘l varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf ko‘rsatkichiga asosan hisobga olinadi.

Qarorga ko‘ra, muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish qoidalari buzilsa, mehnat va dam olish rejimiga rioya etilmasa, Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari bayonnoma tuzadi. Bunga ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Hujjatda sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli mashinalarda tashish tartibi belgilandi. Ўзи ag‘daruvchi avtotransportlarda esa tovarlar majburiy tartibda brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilgan holda yuza qismi to‘liq yopilgan tarzda tashilishi kerak.

Bundan tashqari, toshko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, koks, ma’dan va ma’dan konsentratlari ichki yo‘nalishlarda ochiq turdagi vagonlarda bortidan oshirib yuklanganda, yukni tashishda brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan qoplangan holda tashilishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2019-yil sentabr oyidan boshlab Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, avtobuslarga tungi vaqtda yo‘l harakati politsiyasi va Ichki ishlar vazirligining xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari pulli asosda hamrohlik qilishi kerak edi.