Shavkat Mirziyoyevning 15-avgustdagi farmoni bilan O‘zbekiston qonunchiligini Jahon savdo tashkiloti (JST) kelishuvlariga uyg‘unlashtirish uchun unga o‘zgartishlar kiritdi.

“Gazeta.uz”dagi ma’lumotlarga ko‘ra, JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgan bir qator davlatlar qonunchilikdagi ayrim bandlar bo‘yicha e’tirozlar bildirmoqda va shu munosabat bilan O‘zbekiston unga o‘zgartirishlar kiritmoqda.

Hujjat bilan 2024-yil 1-yanvardan alohida davlatlardan olib kiriladigan mahsulotlarning muvofiqligini majburiy baholashdan ozod etish tartibini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritiladi.

Import qilinadigan tovarlarni davlat tilida markirovkalash tartibiga ham 2024-yil 1-yanvardan boshlab o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, tovarlarni “erkin muomalaga chiqarish (import)” rejimiga bojxona rasmiylashtiruvi uchun ularni davlat tilida majburiy markirovka qilish talab etilmaydi. Bunda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha import qilinadigan iste’mol tovarlarining ayrim turlari (iste’mol qadoqlariga ega bo‘lmagan hamda o‘z ehtiyoji uchun olib kelingan tovarlardan tashqari) ishlab chiqaruvchi, ishlab chiqaruvchining vakili va import qiluvchi tomonidan davlat tilida (lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida) markirovka qilinmagan taqdirda, bu tovarlarga muvofiqlik sertifikatini hamda sanitariya-epidemiologik xulosani rasmiylashtirish taqiqlanadi (qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno).

2025-yil 1-yanvardan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini olib kirishda bojxona qiymatining 1,2 foizi miqdorida bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imi bekor qilinadi. Prezident mazkur to‘lov bekor qilinishi munosabati bilan 2024-yilgacha tegishli vazifalarni amalga oshirishni muqobil moliyalashtirish bo‘yicha takliflar kiritish yuzasidan topshiriq berdi.

Bundan tashqari, quyidagi masalalar bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi va hukumatga kiritilishi kerak:

  • tovarlarni olib kirishga litsenziya berish jarayonini avtomatlashtirish (raqamlashtirish) — 1-oktabrgacha;
  • transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya berish tizimini JST talablariga muvofiqlashtirish — 2024-yil 1-yanvargacha.

1-noyabrga qadar “eksport” va “import” bojxona rejimlarida tovarlarni rasmiylashtirish uchun undiriladigan bojxona to‘lovlari stavkalarini JST talablariga muvofiq unifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash topshirig‘i berildi.

Farmon 2024-yil 1-yanvardan, qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar esa 2025-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.

Gap sertifikatlangan va deklaratsiyalangan asbob-uskunalar, butlovchi qismlar, xomashyo, o‘lchash va transport vositalari, kimyoviy reagentlar, ko‘tarish mexanizmlarini olib kirishda milliy sertifikat olish talabini va yuqori sifat hamda nazorat tizimiga ega bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini bekor qilishni nazarda tutuvchi bandlarni chiqarib tashlash haqida bormoqda.

Hozirda alkogolli mahsulotlarni markirovkalash uchun aksiz markalari mahalliy ishlab chiqaruvchilarga aksiz markalari nominal qiymatining 50 foizi, import qiluvchilarga esa aksiz solig‘ining to‘liq summasi to‘lagandan keyingina beriladi. 2025-yildan boshlab bu miqdor har ikki toifa uchun 50 foizni tashkil etadi.

O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar deyarli 15 yillik tanaffusdan so‘ng 2020-yil iyul oyida qayta boshlangan (o‘sha yildagi yig‘ilish to‘rtinchi uchrashuv bo‘lgandi). JSTning 2022-yildagi beshinchi yig‘ilishi oldidan o‘tkazilgan konferensiyada so‘zga chiqqan, o‘sha vaqtda bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan Sardor Umurzoqov JST a’zolarini yanada moslashuvchan bo‘lishga chaqirgandi va O‘zbekiston a’zo bo‘lish jarayonini imkon qadar tezroq yakunlash niyatida ekaniga ishontirgandi.

Joriy yilning aprel oyida O‘zbekiston uch davlat bilan JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarni deyarli yakunlagani xabar qilingandi. Ishchi guruh tarkibiga jami 47 davlat kiradi, 31 davlat bilan faol muzokaralar olib borilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev avvalroq mamlakat eksportini ikki baravar oshirish strategiyasi doirasida JSTga albatta kirishi kerakligini ta’kidlagandi. U 2023-yilda xalqaro tashkilotga kirishda sezilarli natijalarga erishilishini kutayotganini qayd etgan.