Ijtimoiy tarmoqlarda 2-avtobus bekati hududida turgan elektrobus haydovchilarining avtomobillarni zaryadlashdagi muammolar va oylik maoshlari kechikayotganidan shikoyat qilgan videomurojaati tarqaldi.

Videoda 10 ga yaqin haydovchining “tepadagi rahbarlar”ga murojaat qilib, muammolarini aytayotganini ko‘rish mumkin. Ularning so‘zlariga ko‘ra, haydovchilar har kuni ertalab soat 4−4:30 da ishga keladi, lekin mashinalar quvvatlanmagan bo‘ladi.

“Soat 8 bo‘lyapti, zaryadi endi 10% bo‘ldi, biz hali ham ishga chiqolmayapmiz”, — deydi ular.

“Har kuni shunaqa ahvol. Bitta smena ishlayapti, ikkinchisi zapravka qilyapti. Soatlarimiz, muntazamlik buzilgan. Rejalarni bajara olmayapmiz. Kechasi kelamiz, ertalabgacha turamiz”, — deydi haydovchilar.

“Ishga chiqmasak, oilamiz, ro‘zg‘orimiz bor. Bu yerda oilasining yagona boquvchisi bo‘lgan haydovchilar bor. Soat 9−10 da yo‘lga chiqib ketsak ham, bizdan reja so‘rayapti. Nima qilishimiz kerak? Yo planni ko‘rib berishi kerak, yo soatlarni to‘g‘rilash kerak, yo zapravkani hal qilib bersin”, — deb taklif qilimoqda ular.

“Oyliklarimiz vaqtida tushmayapti. Iyunning oyligini ololmaganlar bor. Oila, bola-chaqamizni qanday boqamiz? Maktab [yangi o‘quv yili nazarda tutilmoqda — tahr.] ham yaqin. Kredit olganlar bor oramizda. Davlat rejasini ham qila olmayapmiz. To‘rt, beshta reys qilyapmiz, lekin reja so‘rashyapti”, — deydi haydovchilar.

“Tepada o‘tirgan rahbarlardan muammolarimizni hal qilib berishini iltimos qilamiz. Ko‘chaga kechroq chiqsak, yo‘lovchilar bizdan shikoyat qilyapti. Tushuntirmoqchi bo‘lsak, gaplarimizni umuman inobatga olishmayapti. Hammasi bu sizning muammongiz, deydi. Bo‘lmasa ishlama, deyapti. Haydovchi kasbining mashaqqatlarini bilardik, lekin bunaqa muammolarimizni hal qilishga yordam berishlari kerak. Kaltak boshimizda sinyapti. Biz nolimayapmiz. Zaryadlash muammosini hal qilib beringlar. Yurtboshimizga rahmat, bizga yangi avtobuslar berishdi, odamlar ham xursand, sharoitlar yaxshi. Lekin zaryadkasi bizni qiynayapti”, — dedi ular.

Videoda haydovchilar 30, 25% zaryadlangan va hali zaryadlash uchun navbati kutilayotgan mashinalarga ishora qilgan. Ular ishga kelganda mashinalar to‘liq quvvatlangan bo‘lishini so‘ramoqda. Elektrobuslarni to‘liq zaryadlash taxminan 4−5 soat davom etadi.

Avvalroq avtoturargohlarda zaryadlash stansiyalari yetishmayotgani xabar qilingandi. May oyida Toshkentga yangi avtobuslar va katta sig‘imli elektrobuslar kela boshlaganida “Toshshahartransxizmat” aksiyadorlik jamiyati zaryadlash shoxobchalari yetishmayotgani sababli ayrim elektrobuslar yo‘nalishga chiqmaganini tan olgan.

Kompaniya, shuningdek, barcha zaryadlash stansiyalari tarmoqqa ulanmagani, chunki ularning yuqori quvvati tufayli tegishli elektr infratuzilmasini talab etishini ma’lum qilgan.