O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot chog‘ida to‘qimachilik klasterlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari haqida gapirdi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

Davlat rahbari klaster tizimiga o‘tish natijasida qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida tub o‘zgarishlar uchun zamin yaratilganini ta’kidladi.

Oxirgi olti yilda paxta hosildorligi gektariga 26 sentnerdan 34 sentnerga (ayrim hududlarda 40 sentnergacha), paxta tolasini qayta ishlash 2,5 baravarga — 100 foizgacha, ip-kalava ishlab chiqarish — 2,2 barobar, tayyor mahsulot — 5 sentnerga oshdi.

2024-yilda to‘qimachilik mahsulotlari eksportini 1,5 barobarga — 5 mlrd dollargacha (2023-yilda — 3,2 mlrd dollar) oshirish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda paxta-to‘qimachilik klasterlarida 600 mingdan ortiq kishi mehnat qilib, barqaror daromad olmoqda, dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili paxta xomashyosining ichki va jahon narxlari o‘rtasidagi katta farq tufayli klasterlar 6 trln so‘m (500 mln dollarga yaqin) zarar ko‘rgan. 2022-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonda yetishtiriladigan o‘rta turdagi paxta xomashyosining minimal xarid narxi 1 kg uchun 10 025 so‘m etib belgilagan edi.

Prezident klasterlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirilishini ma’lum qildi. Xususan, 3 trln so‘mlik kreditlar bo‘yicha qarzlarni to‘lash muddati bir yilga uzaytirildi, klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun esa 1,5 yil muddatga 3 trln so‘m miqdorida kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, paxta va sun’iy tolalarni yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi. Xom ashyo, bo‘yoq va kimyoviy mahsulotlar, armatura, sovutish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.