Qozog‘istonda 62 ta maktab qurilishi korrupsionerlardan tortib olinib, Ta’lim infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga o‘tkazilgan pullar hisobidan moliyalashtirildi. Bu haqda mamlakat hukumati matbuot xizmati xabar berdi.

Maktablar Qozog‘istonning qator viloyatlari, shuningdek, Ostona, Olmaota va Chimkent shaharlarida ikki smenada 76 ming o‘quvchini qabul qila oladi.

Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yilning dekabr oyida tashkil etilganidan beri jamg‘armaga 151,6 milliard tenge (taxminan 328 million dollar) tushgan.

Jamg‘arma faoliyati maktablar, xo‘jalik binolari va maktab-internatlarni qurish va rekonstruksiya qilish orqali mamlakatda uch smenali ta’lim, avariya holatidagi muassasalar muammolari va umuman o‘quvchilar o‘rinlari yetishmasligiga barham berishga qaratilgan.

May oyida Qozog‘iston Ta’lim vazirligi korrupsionerlarning 96,5 milliard tenge (208,8 million dollar) puliga 62 ta maktab qurish buyrug‘ini ma’qullagan edi. Kelajakdagi maktablar 38 mingdan ortiq o‘ringa mo‘ljallangan.

Xabar qilinishicha, korrupsionerlarning maxsus g‘azna hisobiga tushayotgan mablag‘lari shifoxonalar ham qurilishga yo‘naltiriladi. Bu, Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, moliya vaziri Yerulan Jamaubayevning so‘zlariga ko‘ra, loyihalar narxining oshishi natijasida mahalliy budjetlar taqchilligini qoplash imkonini beradi.

Prezident Qasim-Jomart Toqayev avvalroq korrupsiyaga oid jinoiy ishlar bo‘yicha qo‘lga kiritilgan mablag‘larni Ta’lim infratuzilmasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga yuborish haqida ko‘rsatma bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston hukumati “Bolalar milliy jamg‘armasi” loyihasi doirasida 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga har yili 150−160 dollar to‘lashni rejalashtirgan. Dastlabki mablag‘ 2024-yil yanvar oyida hisob raqamlariga o‘tkazilishi mumkin.