O‘zbekistonda tadbirkorga nisbatan bitta soliq huquqbuzarligi uchun ikki tomonlama javobgarlik amaliyoti bekor qilinadi. Hozirda tadbirkor ishbilarmon sifatida moliyaviy, jismoniy shaxs sifatida esa ma’muriy jarima to‘lamoqda, deya ma’lum qildi prezident juma kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda.

Davlat rahbari tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanilayotgan jarimalar ularning faoliyati to‘xtab qolishiga olib kelmasligi kerakligini ta’kidladi. Shuning uchun uch oy ichida barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqiladi va adolatli normalar o‘rnatiladi, dedi u.

Tadbirkor va soliq organlari o‘rtasidagi barcha nizolar ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi, hozirda ayrim ishlar xo‘jalik sudlarida ham ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, tadbirkorlarning sudga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishiga qo‘yiladigan har qanday cheklovlar bekor qilinadi va bu qonunda o‘z aksini topadi, dedi prezident.

Tadbirkorga soliqlar bo‘yicha da’vo arizasi berish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga qisqartiriladi.

Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish bo‘yicha sud qarori qabul qilinganda, penya va foizlar hisoblanmaydi.

Ayni paytda tadbirkorlar 16 ta davlat organiga 140 dan ortiq hisobotda 8 mingga yaqin ko‘rsatkichni taqdim etishi shart. Natijada 500 ming tadbirkor har yili turli hisobotlarni tayyorlashga 300 mlrd so‘m mablag‘ sarflamoqda.

Shu sababli, 2024-yil 1-yanvardan takroriy va eskirgan hisobotlar to‘xtatiladi. Bundan tashqari, barcha hisobotlar yagona elektron tizim orqali topshiriladi va ularning qog‘oz shakli bekor qilinadi (hozirgi kunda hisobotlarning 15 foizi qog‘ozda taqdim etiladi).

Avval xabar berganimizdek, prezident 1-oktabrdan QQSni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyenti (tax gap) bekor qilinishi, so‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning 70 foizi buni adolatsiz deb hisoblashini ma’lum qilgan edi. “Kudbiyev, bu senga va tizimingga baho”, — dedi davlat rahbari. QQS guvohnomasining amal qilishini to‘xtatib turish ham bekor qilinadi.

Prezident, kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketganini bildirdi. Endilikda nazorat vaqtida tadbirkordan qo‘shimcha hujjatlar talab qilish yoki uni soliq idorasiga chaqirish taqiqlanadi. Tadbirkorlar soliq organlari xodimlari ishini yangi platforma orqali baholaydi, — dedi davlat rahbari.