Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborish bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Bu haqda 17-avgust kuni bo‘lib o‘tgan tuman kengashi sessiyasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev aytib o‘tdi.

“Yangiyo‘l tumani g‘alladan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborish bo‘yicha „chempion“ bo‘ldi (171 gektar). Hosildorlik ham rejadagidan past”, — dedi u.

Iyul oyida Toshkentda bir necha bor tutun va kuchli kuyindi hidi sezilgan. Rasmiylar holat yuzasidan izoh bermagan. Ommaviy axborot vositalarida poytaxt yaqinidagi dalalar yonayotgani aks etgan foto va video e’lon qilingach, Bosh prokuratura Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan birgalikda vaziyatni o‘rganayotganini ma’lum qilgan.

Zoyir Mirzayev, shuningdek, Yangiyo‘l tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan birorta ham korxona yo‘qligini ma’lum qildi.

Uning qayd etishicha, 2023-yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8 foizga kamaygan. Viloyatda 7900 nafar ishsiz aholi bor. 12 ming aholi xorijda migrant bo‘lib turibdi. 51 ta mahallada sartarosh, 53 ta mahallada go‘zallik saloni yetishmaydi. Imtiyozli kreditlar evaziga 315 ta kichik biznes ochilgan bo‘lsada, ajratilgan mablag‘larning 65 foizi o‘zlashtirilgan, xolos.

“Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga loyiq emas, deb hisoblayman va vazifasidan ozod qilishni tavsiya qilaman”, — dedi viloyat rahbari.

Hokim “Ibrat”, “Sohibkor”, “Yangiyo‘l” mahallalaridagi og‘ir vaziyatga ham to‘xtalib o‘tdi. Tumanda 3 ta sanoat hududi bor. Ularda 4,2 trillionlik 27 loyiha amalga oshirilishi belgilangan, biroq sanoat hududidagi 11 ta loyiha kechikishi oqibatida 1200 ta ish o‘rni yaratilmay qolgan.

“Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘rinbosarlarni paypoqdek almashtirish urfga kirgan. Ikki yilda 7 ta qurilish bo‘yicha o‘rinbosar almashdi. Biroq qurilish sohasi shu bilan tartibga tushmadi. Bu juda og‘riqli holat”, — dedi Toshkent viloyati hokimi.

“Tuman maktabgacha ta’limga bolalarni qamrovi bo‘yicha viloyatda oxirgi o‘rinda turadi. Qishloq xo‘jaligi sohasida, ayniqsa g‘alla o‘rimi mavsumida tumanda qator muammolar yetilib qolgan. Viloyat tashkilotlari ko‘magi bo‘lmaganida, hosil nobud bo‘lardi”, — deydi Zoyir Mirzayev.

Viloyat hokimligi rahbari tuman hokimining barcha o‘rinbosarlarining lavozimda qolish yoki qolmasligi bo‘yicha tahlil, o‘rganish olib borilishini, buni deputatlarning e’tiboriga havola qilinishini ma’lum qildi.

Avvalroq kengash sessiyasida Odiljon Ataullayev Yangiyo‘l tumani hokimi etib tayinlangandi.

Avgust oyi boshida Yangiyo‘l shahri hokimi ham o‘zgarib, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov Yangiyo‘l shahri hokimi v.b. bo‘lgan. Zoyir Mirzayev energiya ta’minoti va chiqindilarni olib chiqib ketish shaharning asosiy muammolari ekanini aytib, shaharni tozalash bo‘yicha keng ko‘lamli aksiya tashkil etishga va’da bergan.