O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida masofaviy bojxona nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi. Avvalgi qizil va yashil yo‘laklar esa olib tashlandi. “Gazeta.uz” muxbiri Shohruh Haydarov Bojxona qo‘mitasi tomonidan Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga tashkil etilgan press-tur davomida yangi tizim qanday ishlashi bilan tanishdi.

Qizil va yashil yo‘laklar joriy qilinguniga qadar uchib ketish yo‘nalishidagi zallarda qator rentgen uskunalari bo‘lgan. Har bir yo‘lovchi alohida bojxona nazoratidan o‘tkazilgan va deklaratsiya to‘ldirgan. Bu esa yo‘lovchilarning ortiqcha vaqtini olib, xodimlarning ish yuklamasini oshirgan.

2018-yilda qizil va yashil yo‘laklar joriy qilinganidan so‘ng yo‘lovchilar ikki yo‘lakka taqsimlangan. Yashil yo‘lakdagi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasi to‘ldirmagan va qanday tovarlar olib o‘tayotganini og‘zaki aytgan. Qizil yo‘lakdagi yo‘lovchi esa o‘zida bo‘lgan tovarlarni va valyutalarni deklaratsiyada ko‘rsatgan va uni bojxona organiga taqdim etish orqali harakatlangan.

“Ayrim ommaviy axborot vositalari yashil va qizil yo‘laklar tugatilganini avvalgi davrlarga qaytilibdi deya, shoshilinch xulosa qilishdi. Mazkur o‘zgarishlarni aeroport rahbariyatidagi o‘zgarishlarga bog‘lash mutlaqo o‘rinsiz. Bojxona siyosati mustaqil bo‘lib, aeroport boshqaruvidagi o‘zgarishlarga bog‘liq emas”, — deya qo‘shimcha qildi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xodimi Husan Tangriyev.

Navbatdagi masofaviy bojxona nazorati tizimi esa O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlar orqali uchib ketayotgan yo‘lovchilarni masofaviy vizual kuzatish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni ta’minlaydi. U maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalangan holda tanlab olish tamoyili asosida amalga oshiriladi.

“Yo‘lovchi chegarani kesib o‘tayotganida bojxona organiga ma’lum qiladigan tovarlari bo‘lmasa, xodimlar uni bo‘lar-bo‘lmasga to‘xtatib, ortiqcha jig‘iga tegmaydi, vaqtini olmaydi va shu tariqa chegaradan erkin harakatlanib o‘tib ketadi. Tizim Yevropa mamlakatlari, Ozarbayjon, Gruziya kabi rivojlangan davlatlar tajribasidan kelib chiqib, yo‘lga qo‘yildi”, — dedi Toshkent-Aero ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bo‘lim boshlig‘i Akmal Eshonov.

aeroport, masofaviy bojxona nazorati tizimi, yashil va qizil йўлак

Hozirgi kunda jismoniy shaxslar tomonidan 100 mln so‘mdan oshmaydigan O‘zbekiston yoki chet el valyutasini, 5 ming dollargacha bo‘lgan qiymatdagi tovar, moddiy boyliklarni respublikadan olib chiqib ketish mumkin.

“Xizmat planshetlari orqali uchib ketayotgan yo‘lovchilar haqida batafsil ma’lumot olish imkonimiz bor. Tizimning o‘zi bizga umumiy yo‘lovchilardan xavf guruhiga mansublarini qizil belgi orqali ajratib beradi va biz ularni masofadan tekshiramiz. Qolgan yo‘lovchilardan ularni ajratib olib, alohida bojxona nazoratidan o‘tkazamiz”, — dedi bojxona xizmati inspektori, leytenant Muxlisa Turdiyeva.

aeroport, masofaviy bojxona nazorati tizimi, yashil va qizil йўлак

Akmal Eshonovning so‘zlariga ko‘ra, masofaviy bojxona nazorati hozircha xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ishlamoqda. Qo‘nish zallaridagi ikki yo‘lakli tizimi hali bekor qilinmagan. Bu holat kirib kelishga nisbatan uchib ketishda yo‘lovchilarga qonunchilikda tovar, valyuta boyliklari tekshiruvini soddalashtirish belgilangani bilan izohlandi.