Odiljon Kasimovich Ataullayev Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani kengashining qarori bilan tuman hokimi etib tayinlandi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

Ataullayev 1980-yilda Surxondaryo viloyati Denov tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 2008-yil Andijon davlat universitetini tamomlagan.

Lavozimga tayinlangunga qadar Nurafshon shahri kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi rahbari vazifasida ishlab kelayotgandi.

2-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan investitsiya masalalariga doir yig‘ilish yakunlariga ko‘ra tuman hokimi lavozimida 2020-yil fevraldan beri ishlab kelgan Ulug‘bek Yalgashov vazifasidan ozod qilingandi.

Xalq deputatlari Yangiyo‘l tumani kengashining 17-avgustdagi navbatdan tashqari sessiyasida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev qatnashib, hududni iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishga doir dolzarb masalalarga to‘xtaldi. Xususan, tumanda 7900 nafar ishsiz aholi borligi, 12 ming aholi xorijda migrant ekani qayd etildi.

Hokim nutqi davomida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari (hokimlik saytiga ko‘ra, Erali Abdurasulov)ni lavozimiga loyiq emas, deb hisoblashini bildirib, vazifasidan ozod qilishni tavsiya etdi.

“Yangiyo‘l tumani hokimligida o‘rinbosarlarni paypoqdek almashtirish urfga kirgan. Ikki yilda 7 ta qurilish bo‘yicha o‘rinbosar almashdi. Biroq qurilish sohasi shu bilan tartibga tushmadi. Bu juda og‘riqli holat”, — dedi Mirzayev.

Avvalroq Erkin Muhitdinov Ohangaron tumaniga, Erkin Rustamov Zangiota tumaniga hokim etib, Dilshod Sultonov esa Yangiyo‘l shahri hokim v.b. etib tayinlangani xabar qilingandi.