16-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Dastlab prezident “Toshkent-Sharqiy” aeroportining qurilish ishlari bilan tanishdi. Iyul oyida berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirilgan.

Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartirilishi va buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari ham kamayishi reja qilingan. Loyiha boshida aeroportning umumiy maydoni 693 gektarni tashkil etgan.

Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurib bo‘lingan. Bu yerda 2 ta — yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali bo‘ladi. 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etiladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.

20-iyul kuni Shavkat Mirziyoyev qariyb 6 yildan beri qurilishi ketayotgan “Toshkent-Sharqiy” biznes aviatsiyasi aeroportiga tashrif davomida loyihani “juda jiddiy va tanqidiy” qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini bergandi. Hududda yana bir terminal qurish va aerovokzal loyihasini qayta ko‘rib chiqish buyurilgandi.

Ma’lumot uchun, loyiha prezidentning 2017-yil 30-iyundagi qaroriga binoan qariyb 6 yil davomida bajarib kelinmoqda. Ilgari aerodromda joylashgan harbiy-transport aviatsiyasi boshqa hududga ko‘chirilgandi.

Loyihani amalga oshirgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi 2018-yil dekabr oyida uning birinchi bosqichi yakunlanishi 2020-yilga mo‘ljallanganini ma’lum qilgandi. Biroq uni butunlay ishga tushirish vaqti haqida hozirgacha ma’lumot berilmagan.