O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident administratsiyasi (PA) rahbarining hududlardagi yordamchilari lavozimlari va kotibiyatlarini tugatdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.

Bundan tashqari, Prezident Administratsiyasi rahbarining hududlardagi yordamchilari kotibiyatlari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘’basi ham tugatildi.

Ushbu lavozimlar noyabr oyi oxirida mavjud bo‘lgan xalq qabulxonalari xodimlarining qisqarishi hisobiga paydo bo‘lgan edi. Mazkur yangilik hujjatda “hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish va joylardagi vaziyatni hisobga olgan holda tezkor choralar ko‘rish zarurligi” bilan izohlangandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident Prezident administratsiyasi rahbari va uning o‘rinbosarlari lavozimini bekor qilgan, PAning sobiq rahbari Sardor Umurzoqov prezidentning maxsus topshiriqlar bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan edi. Shuningdek, Sunnatilla Bekenov PA rahbari yordamchisi, Furqat Jalolovich Raximov PA Ijro etuvchi apparati tahliliy materiallarni tayyorlash va Administratsiya bo‘linmalari faoliyatini muvofiqlashtirish sho‘’basi mudiri lavozimidan ozod etildi.