UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-92 benzini narxi yana oshdi. “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi mazkur ma’lumotni “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.

Mart oyi o‘rtalaridan 2-avgustgacha ushbu markadagi benzin chegirma narxda — 7500 so‘mdan sotildi (boshqa kompaniyalarning yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yuqoriroqligicha qolgan). Aksiya yakunlangach, narx 8600 so‘mga oshdi.

16-avgust kuni benzin yana 600 so‘mga qimmatlashdi — 9200 so‘mga yetdi. Chegirma e’lon qilinishidan oldin ham xuddi shu narxda sotilardi.

Eng ko‘p talab qilinadigan Ai-80 benzinining narxi o‘zgarishsiz qoldi — 6050 so‘m. Yil oxirigacha import qilinadigan va mahalliy Ai-80 uchun nol aksiz stavkasi mavjud. Ushbu narx o‘tgan yilning dekabr oyida yoqilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatining cheklanishi va benzinga bo‘lgan talabning oshishi munosabati bilan joriy qilingan edi.