“Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi (rahbari Xidirnazar Allaqulov) faollari tomonidan qo‘shimcha topshirilgan imzolar uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yetarli bo‘lmadi. Bu haqda Adliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, vazirlikka 14 va 17-iyul kunlari ushbu partiyani davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqidagi takroriy arizalar va fuqarolarning imzolari kelib tushgan.

Vazirlikka 14-iyulda taqdim etilgan arizaga ilova qilingan ro‘yxatda 9828 ta fuqarolar imzosi mavjud bo‘lib, hujjatlarni o‘rganish jarayonida partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolar ro‘yxatiga quyidagilar kiritilgani ma’lum bo‘lgan:

  • siyosiy partiya ta’sis konferensiyasi o‘tkazilgungacha vafot etgan 10 nafar shaxs;
  • 13 nafar voyaga yetmagan shaxs;
  • mahallalarni asfaltlash, kommunikatsiya tizimlarini yangilashga mablag‘ olish maqsadida “Ochiq budjet” loyihasiga ovoz berish uchun deb xato imzo qo‘ygan va keyinchalik ushbu imzolarini qaytarib olgan 1157 nafar shaxs;
  • shaxsga doir ma’lumotlar mavjud emasligi sababli shaxsi aniqlanmagan 1190 nafar shaxs;
  • imzolari qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilmagan elektron shaklda olingan 5816 nafar shaxs. Vazirlik ushbu elektron shaklda olingan imzolardan 1000 dan ortiq imzosi muqaddam taqdim etilgan imzolar ro‘yxatida mavjudligini ma’lum qildi;
  • partiya tuzish uchun xohish bildirmagan va hech qanday imzo qo‘ymagan 359 nafar shaxs;
  • sud tartibida muomalaga layoqatsiz deb topilgan 22 nafar shaxs;
  • O‘zbekistonda yashamayotgan 137 nafar shaxs;
  • 2023-yil 15-mayda vazirlikka partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan imzolar ro‘yxatida mavjud bo‘lgan 46 nafar shaxs (takroriy).

17-iyuldagi 1388 ta fuqarolar imzosi “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” demokratik partiyasi tashkiliy qo‘mitasining 3 oylik faoliyat ko‘rsatish muddati tugaganidan keyin taqdim etilgan, deya qo‘shimcha qildi vazirlik.

Ta’kidlanishicha, 2023-yilning 16-aprelida tashkil etilgan partiyaning tashkiliy qo‘mitasi tomonidan uning faoliyat ko‘rsatish muddati davomida vazirlikka taqdim etilgan imzosi qonunchilikka muvofiq va o‘z xohishi bilan partiyaga birlashish istagini bildirgan fuqarolarning jami imzolari soni 2517 tani tashkil etgan.

“Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunning 6-moddasiga ko‘ra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida bo‘lgan kamida 20 ming fuqaroning imzosi bo‘lishi talab etiladi.

Siyosiy partiyani ro‘yxatga olishni rad etish ustidan Oliy sudga shikoyat qilish mumkinligi eslatib o‘tilgan.

2021-yil iyun oyida ham Adliya vazirligi imzolar yetarli miqdorda bo‘lmagani hamda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlar talablari buzilgani sababli “Haqiqat va taraqqiyot” partiyasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etgandi.

2023-yil may oyida “Haqiqat, taraqqiyot va birdamlik” partiyasi rahbari Xidirnazar Allaqulov Andijonda kaltaklangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergandik. Partiyani ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ovozlarni yig‘ish jarayonida bir guruh erkak va ayollar paydo bo‘lib, janjal uyushtirgan.

O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov partiyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 20 ming imzo unchalik ko‘p emasligini ta’kidlagandi. “Agar har 5 yoki 10 ming kishi partiya ochaversa, ular soni qancha bo‘ladi?” — degandi u. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa vazirning pozitsiyasini “to‘liq avtoritar” deb atagan.