O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev daraxtlarni noqonuniy kesganlik uchun jazoni kuchaytirishga qaratilgan qonunni rad etdi, deya xabar qildi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov.

“Daraxtni noqonuniy kesganlik uchun AQShda 100 ming, Fransiyada 150 ming, Saudiyada 8 million AQSh dollarigacha jarima belgilangan. Bizda bu harakat uchun 1000 AQSh dollarigacha jarima ko‘zda tutilgan qonun prezident tomonidan rad etildi. E’tiroz to‘g‘ri, qonunni qayta ko‘ramiz”, — deb yozadi u.

“Gazeta.uz” iyun oyida AQSh, Fransiya, Saudiya Arabistoni va boshqa mamlakatlarda daraxtlarni kesganlik uchun qanday jarima solinishi haqida yozgandi.

Eslatib o‘tamiz, qonun Senat tomonidan 3-may kuni ma’qullangan. Hujjatga ko‘ra, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 1-qismi) fuqarolarga BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (5 dan 10 barobarigacha bo‘lgan) yoki 3,3 mln so‘mdan 4,95 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa — 15 baravaridan 20 baravarigacha (10 dan 15 barobarigacha bo‘lgan) yoki 4,95 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan xuddi shunday huquqbuzarliklar uchun (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 2-qismi) fuqarolarga BHMning 15 dan 25 baravarigacha miqdorda jarima belgilangan (10 dan 20 baravargacha edi), mansabdor shaxslarga esa — ma’muriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli bo‘lgan ashyoni yoki ma’muriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosini musodara qilgan holda BHMning 25 dan 35 baravarigacha (oldin 20 dan 30 baravargacha edi). Bundan tashqari, ushbu qoidabuzarlik uchun jazolar qatoriga 15 sutkagacha bo‘lgan muddatga ma’muriy qamoqni qo‘shish rejalashtirilgan.

Hujjatda, shuningdek, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun ma’muriy javobgarlik ham kiritilgan (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 79-moddasi 4-qismi) — jarima mansabdor shaxslarga nisbatan BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha.