Rossiya banki 15-avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda asosiy stavkani 8,5 foizdan 12 foizga oshirdi. Bu haqda regulyator saytida xabar berildi. Qaror “narx barqarorligini ta’minlash uchun risklarni cheklash maqsadida qabul qilindi”, deb ta’kidladi Markaziy bank.

“Inflyatsiya bosimi ortib bormoqda. 7-avgust holatiga ko‘ra yillik inflyatsiya 4,4 foizgacha oshgan. Shu bilan birga, narxlarning hozirgi o‘sish sur’ati tezlashishda davom etmoqda. Yillik hisobda oxirgi uch oyda o‘rtacha o‘sish mavsumiy tuzatishlarni hisobga olganda 7,6 foizni tashkil qildi. Bazaviy inflyatsiyaning xuddi shunday ko‘rsatkichi 7,1% gacha o‘sdi”, — deyiladi xabarda.

Ishlab chiqarishni kengaytirish imkoniyatlaridan oshib ketadigan ichki talabning o‘sishi inflyatsiya bosimini oshiradi, importga bo‘lgan talabning oshishi esa rubl kursining dinamikasiga ta’sir qiladi. Natijada rubl zaiflashuvining narxlarga ta’siri ortib bormoqda va inflyatsiya kutilmalari o‘smoqda, deya ta’kidladi Markaziy bank.

Bu bir oydan kamroq vaqt ichida stavkaning ikkinchi bor ko‘tarilishidir. Iyul oyi oxirida Rossiya banki uni 7,5 foizdan 8,5 foizga ko‘targan. Bungacha stavka 2022-yil sentabr oyidan beri o‘zgarmagan.

Rejadan tashqari yig‘ilish chaqirilishidan oldin rubl sezilarli darajada zaiflashdi — 14-avgust kuni birja ochilishida u AQSh dollariga nisbatan 100 dan oshib ketdi, tushlik paytida esa 1 dollar uchun 101 ga tushdi. Shu bilan birga, o‘sha kuni ertalab Markaziy bank valyuta kursi bilan bog‘liq vaziyat moliyaviy barqarorlikka tahdid solmasligini ma’lum qildi. Kechqurun Rossiya banki rejadan tashqari direktorlar kengashi chaqirilishini e’lon qildi. Yig‘ilish haqidagi e’londan so‘ng rubl birdan mustahkamlanib, dollarga nisbatan 97,7 atrofida bo‘ldi, — deb yozadi “RBK”.

O‘zbekistonda 10-avgust kuni dollar kursi birdaniga 400 so‘mga (+3,5 foiz) oshib, 12 ming so‘mdan ko‘tarildi. O‘zbekiston Markaziy banki Rossiya rublining qadrsizlanishini so‘mning zaiflashishi sabablaridan biri deb atadi.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov rubl kursining pasayishi O‘zbekiston eksportyorlari daromadi hamda pul o‘tkazmalari qisqarishiga olib kelishini ta’kidladi.

Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonga 5,2 milliard dollar (Rossiyadan 85 foizga yaqin) pul o‘tkazmalari kelib tushgan, bu o‘tgan yilning shu ko‘rsatkichidan 21,5 foizga kam. Markaziy bank 2023-yil oxirigacha tushumlar hajmi 11−11,5 milliard dollarni tashkil etishini prognoz qilmoqda, bu 2022-yilga nisbatan 32−35 foizga kam degani.

Markaziy bank ikkinchi chorakdagi pul-kredit siyosati sharhida mehnat muhojirlarini qabul qilayotgan asosiy mamlakatlarda ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab sharoitida mehnat haqining ehtimoliy oshirilishi valyuta kursi pasayishi ta’sirini qisman qoplashi mumkinligini ta’kidlagan.