O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) matbuot xizmati Feruza Eshmatova Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasi binosida 33 yoshli erkakning vafot etganiga munosabat bildirdi.

Ombudsman Bosh prokuraturaga xat kiritib, vaziyatni nazoratga olgan.

“Jinoyat uchun jazo muqarrar, lekin bu jazo sud orqali tayinlanishi kerak. O‘zbekiston qiynoqqa qarshi o‘zining mustahkam pozitsiyasiga ega. Ombudsman insoniylikka qarshi bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni qat’iy qoralaydi. Holat tergov davomida o‘z tasdig‘ini topsa, aybdorlar qonuniy va muqarrar javobgarlikka tortilishini talab qiladi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 12-avgust kuni Toshkent shahridagi ichki ishlar bo‘limida qo‘lga olingan 33 yoshli U.D. vafot etgani haqida xabar paydo bo‘lgan. Unda aytilishicha, erkak soat 21:00 da uyidan olib ketilgan, soat 1:00 da jasad o‘likxonaga yuborilgan. Shifokorlar uning kasallik tufayli vafot etganini bildirsa-da, marhumning yaqinlari uning qiynoqqa solinganini aytmoqda.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabariga ko‘ra, o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilingan shaxs bayonnomani rasmiylashtirish chog‘ida o‘zini yomon his qilib, hushini yo‘qotgan. Gumonlanuvchining o‘limi yuzasidan poytaxt prokuraturasi tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish va qiynoqqa solish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.