Qozog‘istonning Aqtau shahridagi “Oymasha” poligonida O‘zbekiston va Qozog‘iston Qurolli Kuchlari maxsus bo‘linmalari hamkorligidagi maxsus-taktik o‘quvlari bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Dastlab, har ikki davlatning mudofaa vazirlari harbiy poligon bo‘ylab harbiy xizmatchilarning 10 dan ortiq o‘quv nuqtalarida o‘tkazayotgan maxsus-taktik mashqlarini kuzatgan, unda ishtirok etgan va jangovar qurollardan o‘q uzgan.

O‘quv rejasiga muvofiq, harbiy xizmatchilar tezkor kuch va vositalar bilan hamkorlikda shartli dushmanni yakson etish bo‘yicha harakatlarni boshlagan. Maxsus bo‘linmalar uchuvchisiz uchish qurilmalaridan foydalangan holda razvedka-qidiruv harakatlarini olib borib, terrorchi guruhlar joylashgan hududni aniqlagan.

Shundan so‘ng shartli dushman joylashgan hudud o‘qqa tutilgan. Maxsus bo‘linmalar zamonaviy qurolli mojarolar tajribasidan kelib chiqqan holda yangi taktik usuldan foydalanib, hamkorlikda yaqin masofada jang qilgan. Bunda belgilangan vazifani bajarish vaqtida olovli qo‘llab-quvvatlov guruhiga zirhlangan texnikalar hamrohlik qildi va shartli dushman batamom yo‘q qilingan.

Mehmonlar dengiz flotidagi qo‘shinlarning kemani qo‘lga olish va hujum qilish bo‘yicha taktik mashg‘ulotlarini ham kuzatgan.

Kunning ikkinchi qismida tungi sharoitda batalon taktik guruhlarinining o‘quv mashg‘uloti ham o‘tkazilib, hamkorlikdagi jangovar harakatlarini kuzatish bilan birga, batalon komandirlarining qarorlari tinglangan.

Xususan, batalon taktik o‘quvlarida topshiriqlarni bajarish, qurol-yarog‘ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qo‘llash, aviatsiya yordamida umumqo‘shin bo‘linmalariga madad berish, o‘tish qiyin bo‘lgan tog‘li va cho‘l hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, bo‘linmalarni qo‘llab-quvvatlash mashg‘ulotlarini o‘z ichiga olgan.

Mashg‘ulotlar yakunida mudofaa vazirlari harbiy xizmatchilarning jangovar qobiliyatlarini yuqori baholab, har ikki davlatning harbiy xizmatchilariga jangovar hamdo‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlari uchun ko‘krak nishonlarini topshirgan.