Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Alisher Kayumovich Shodmonov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

2020-yil noyabr oyidan Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, ungacha esa sog‘liqni saqlash vaziri (2017−2020) lavozimlarida ishlab kelgan. U 11-avgust kuni prezident bilan birgalikda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining yangi binosiga tashrif buyurgandi.

U 1962-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1985-yilda Andijon davlat tibbiyot institutini tamomlagan. 2009−2010-yillarda Andijon davlat tibbiyot institutining o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, 2010−2015-yillarda Andijon davlat tibbiyot instituti rektori lavozimlarida mehnat qilgan.

2016−2017-yillarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi (“Adolat” partiyasi vakili) bo‘lgan.

U ishdan olinib, o‘rniga Abduhakim Xadjibayev sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanganidan so‘ng prezident: “Men o‘zim vazir Abduxakim Xadjibayevni tanladim. Vazir qat’iy va talabchan bo‘lishi lozim. U tizimdagi vaziyatni yaxshi biladi”, — degandi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligini Behzod Musayev boshqargan bo‘lsa, endilikda vazirlikka Amrillo Inoyatov rahbarlik qilmoqda.