9-avgust kuni prezident “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha [O‘RQ-862 sonli] hujjatni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, endi advokat bo‘lish uchun 2 yillik ish staji talab etilmaydi. Shu vaqtgacha talabgor litsenziya olish uchun yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi shart edi.

Faqat advokatlik tuzilmasida (advokatlik byurosida, advokatlik firmasida, advokatlar hay’atida, yuridik maslahatxonada) kamida 3 oy muddat stajirovka o‘tash kerak. Shuningdek, malaka imtihonini topshirish zarur.

Qonunchilikka ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati xodimi sifatida, sudya, tergovchi, surishtiruvchi yoki prokuror lavozimida kamida uch yil yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajiga ega bo‘lganlar advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasa ham malaka imtihonida ishtirok eta oladi.

Malaka imtihonini topshira olmagan talabgor uni takroran kamida olti oydan keyin topshirishi mumkin. Uni muvaffaqiyatli topshirganlar litsenziya uchun tegishli adliya organiga uch oy ichida murojaat qiladi. Agar muddat o‘tkazib yuborilsa, malaka imtihonini takroran topshirganidan keyingina qayta murojaat qilish mumkin. Advokatlik faoliyatini litsenziyalash tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

Litsenziya olgan talabgor uch oy ichida advokat qasamyodini qabul qilishi va yakka tartibda yoki litsenziyaga ega bo‘lgan boshqa shaxslar bilan birgalikda advokatlik tuzilmasini tuzishi yoxud faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmalaridan biriga kirishi shart. Advokatlik guvohnomasi advokatlik tuzilmasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan yoki talabgorning faoliyat ko‘rsatayotgan advokatlik tuzilmasiga kirganligini tasdiqlovchi hujjatlar adliya organi tomonidan olingan paytdan e’tiboran uch ish kuni ichida beriladi.

Talabgor advokatlik guvohnomasi berilgan kundan e’tiboran advokat maqomini oladi, Advokatlar palatasining tegishli hududiy boshqarmasi adliya organi tomonidan bu haqda uch kunlik muddatda xabardor qilinadi. Shunday xabarnoma olingan paytdan e’tiboran advokat Advokatlar palatasining a’zosi bo‘ladi.