“Yuksalish” umummilliy harakati davlat xizmatchilari o‘rtasida ularning ish joylarida ish vaqtiga qanchalik rioya etilishiga oid anonim so‘rovnoma natijalarini e’lon qildi.

So‘rovnomada jami 560 nafar davlat xizmatchilari ishtirok etib, respondentlarning 21,4 foizi vazirlik va idoralar, 27 foizi mahalliy hokimiyat organlari, 12,1 foizi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va 39,5 foizi boshqa davlat tashkilotlarida ishlovchi xodimlarni tashkil etdi.

Respondentlarining 376 nafari (67,6 foiz) erkaklar va 180 nafari (32,4 foiz) ayollarni tashkil etdi. So‘rovnomada 385 nafar (69,2 foiz) oddiy mutaxassis xodimlar, 172 nafar (30,8 foiz) rahbar xodimlar ishtirok etdi.

O‘rganish natijalari

O‘rganish davomida ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 57,3 foizi ish vaqtidan tashqari ishga jalb etiladi. Jumladan 36,8 foizi har kuni qo‘shimcha 1−2 soat, 13,9 foizi har kuni kechki soat 22:00 ga qadar, 6,6 foizi kechki soat 24:00 ga qadar ishlashini bildirdi. So‘rovnomada 42,3 foiz ishtirokchilar Mehnat qonunchiligiga mos ravishda har kuni belgilangan 8 soat ishlashini ma’lum qildi.

Mehnat kodeksining 262-moddasida xodimga ish vaqtidan tashqari ish uchun kamida ikki hissa miqdorida haq to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shimcha ishlaydiganlarning 13,3 foizi ish beruvchilar tomonidan qo‘shimcha ish uchun kamida ikki baravar haq to‘lab berilishini qayd etdi. Ular asosan davlat boshqaruv organlarining markaziy idoralari vakillariga to‘g‘ri keladi. So‘rovnoma ishtirokchilaridan ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha ishlaydiganlarning 81,7 foiziga qo‘shimcha ishlagan vaqti uchun ish beruvchi tomonidan qo‘shimcha haq to‘lab berilmaydi.

Davlat xizmati xodimlarining ish vaqtidan tashqari ishlashiga nima sabab bo‘layotgani haqida tabiiy savol tug‘iladi. Ish vaqtidan tashqari qo‘shimcha ishlovchilarning 47,7 foizi bunga ish hajmining ortib ketganligi, 22,8 foizi turli xildagi ortiqcha topshiriqlarning haddan ziyod ko‘pligi, 17,6 foizi o‘z vazifasidan tashqari ishlarning yuklatilishi va majlis va yig‘ilishlarning cho‘zilib ketishi tufayli, 12 foizi rahbari ketmaguncha ish joyidan ketmasligini bildirdi.

Ortiqcha “majlisbozlik"lar ham omillardan biri

So‘rovnoma mualliflari tomonidan davlat xizmatida qo‘shimcha ishlanishining sabablaridan biri majlis va yig‘ilishlarning ko‘pligi hamda majlislar vaqti cho‘zilib ketishi omili alohida o‘rganildi. Unga ko‘ra, respondentlarning 31,6 foizi yig‘ilishlarda ishtirok etmaydi, 41,3 foizi bir haftada 4 soatgacha, 11,4 foizi 5−7 soat, 15,8 foizi 8 soatdan ko‘p vaqtini majlis va yig‘ilishlarga sarflaydi. Tadqiqotga ko‘ra, ortiqcha “majlisbozlik” Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kuzatiladi.

Mamlakatda davlat fuqarolik xizmati xodimlari asosan 5 kunlik ish haftasida mehnat qiladi. Lekin shunga qaramasdan ba’zida haftaning dam olish kunlari (shanba va yakshanba) xodimlarning ish joyida bo‘lishi, shuningdek, dam olinadigan bayram kunlari ham ishga chaqirish holatlari ham mavjud.

Bu borada so‘rovnoma ishtirokchilarining 35,2 foizi dam olish kunlari ham ishga chiqishi, 29,5 foizi ba’zida ishga chiqishi va 35,3 foizi dam olish kunlarida ishga chiqmasligi ma’lum bo‘ldi.

So‘rovnoma ishtirokchilarining 299 nafari (53,4 foiz) belgilangan muddatlarda mehnat ta’tiliga chiqib, to‘liq dam olishini ma’lum qildi. Biroq 26,2 foiz respondentlar mehnat ta’tiliga to‘liq chiqa olmasligi, ta’tildan chaqirib olishlari va 20,4 foizi ta’tilga chiqish hujjatlari rasmiylashtirilishi, ammo umuman dam olmasdan ishlashini ma’lum qildi.

Harakatning ma’lum qilishicha, yuqoridagi raqamlar butun mamlakat hududidagi holatni to‘liq aks ettirishga yetarli bo‘lmasada, davlat xizmatida mehnat qonunchiligiga rioya etmaslik holatlari mavjudligini tasdiqlaydi.

Ish vaqtidan tashqari ish — zarar

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorlikdagi tadqiqotiga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ish inson salomatligiga salbiy oqibatlarga ega ekanligi isbotlangan. 2016-yilda dunyo bo‘ylab haftasiga 55 soatdan ko‘p ishlovchi 745 ming nafar odam insult va yurakning ishemik kasalligidan vafot etgani qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2000-yilga nisbatan 29% ga ko‘p hamda bu kabi o‘lim holatlarining qariyb 72 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelgan”, — deyiladi tahlilda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, haftasiga 55 soat va undan ko‘p ishlash odamda insult bilan kasallanish xavfini 35 foizga, yurak ishemik kassaligi bilan xastalanish xavfini 17 foizga ortishiga sabab bo‘ladi degan xulosaga kelingan.

Mutaxassislarning fikricha, xodimlarning dam olishsiz ishlashi ularda stressni keltirib chiqaradi. Qolaversa, ishxonada ko‘p vaqtini o‘tkazuvchi insonlar bola tarbiyasiga yetarlicha vaqt ajrata olmasligi ham salbiy baholanadi. Buning natijasida oiladagi barqarorlikka putur yetadi. Bu kabi omillarning jamiyat uchun zarari hali baholanmagan bo‘lib, buning salbiy ta’siri yanada kengroq bo‘lishi ham mumkin.

JSST va Xalqaro mehnat tashkiloti hukumatlarga ish vaqtidan tashqari ishlashni taqiqlash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishni, ish beruvchilar va kasaba uyushmalariga esa jamoaviy bitimlarda ish haftasi 55 soatdan oshmasligi kerak bo‘lgan moslashuvchan ish vaqtini ko‘rsatishni tavsiya qiladi.

Bu borada rivojlangan mamlakatlarda xodimlarning salomatligini asrash, ular samarali mehnat qilishda davom etishlari uchun ish vaqtidan tashqari ishlash bir qator qonunlar bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Shvetsiyada xodim bir oyda 50 soatdan ortiq yoki kalendar yilida 200 soatdan ortiq ish vaqtidan tashqari ishlashi mumkin emas. Bu borada Vengriyada ish yuklamasi nisbatan ko‘proqligini kuzatish mumkin. Mamlakat qonunchiligiga ko‘ra, maksimal qo‘shimcha ish chegarasi yillik 250 soatni tashkil etadi. Agar jamoa shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, bu 300 soatgacha oshirilishi mumkin. O‘zbekistonda Mehnat kodeksiga muvofiq ish vaqtidan tashqari ish soatlari yiliga 120 soatdan oshmasligi lozim.


Davlatlar

Haftalik ish vaqti cheklovlari

Ish vaqtidan tashqari ish to‘lov stavkasi

AQSh

40 soat

soatbay ish vaqtining 150%

Buyuk Britaniya

48 soat

mehnat shartnomasida belgilanadi

Fransiya

35 soat

odatiy stavkaga qo‘shimcha 25%

Ispaniya

40 soat

soatbay ish vaqtining 75%

Polsha

40 soat

standart ish haqiga 25% qo‘shimcha

Italiya

40 soat

15%dan 50%gacha

Shvetsiya

40 soat

ish haqining 50−100%

Germaniya

48 soat

mehnat shartnomasida belgilanadi

Vengriya

48 soat

ish haqining 50%

Islandiya

48 soat

1 soat uchun oylik ish haqining 1,0385%

Serbiya

kunlik 12 soat

ish haqining 126%

Avstraliya

40 soat

soatbay ish haqining 150%

O‘zbekiston

40 soat

kamida ikki hissa miqdorida

“Mansabdorlarni o‘z oilaciga qaytarish"ga harakatlar

2017-yilning bahorida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat rahbariyatiga kuchaytirilgan ish rejimiga qarshi “favqulodda holat” e’lon qilgan edi. Toshkent va mamlakatning boshqa shaharlari aholisi davlat muassasalari derazalaridagi chiroqlar yarim tungacha o‘chmagani haqida ham xabar berishgan.

2018-yil avgust oyida vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda prezident davlat xizmatchilari yakshanba kunlarini oilasi davrasida o‘tkazishi kerakligini aytgan edi.

“Endi shanba kuni ish soat 17:00 gacha davom etadi, yakshanba esa dam olish kuni. Prezident oilalarga e’tibor bering, dedi. Shu bilan birga, u davlat xizmatchilari ish vaqtida o‘zlariga yuklangan barcha funksional vazifalarni samarali va unumli bajarishlari kerakligini ta’kidladi”, — dedi “Gazeta.uz” suhbatdoshi.

Shavkat Mirziyoyev davlat organlarida o‘tkaziladigan majlislar soni va muddatlarini qisqartirish, shuningdek, keraksiz hisobot va ma’lumotlar yig‘ishni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shu bilan birga, bosh vazir Abdulla Aripov barcha darajadagi davlat tashkilotlari va idoralari, xususan, mahalliy hokimliklarga aniq mehnat nizomlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Majlislarni tartibga solish va samaradorligini oshirish uchun ularning sonini keskin qisqartirish ko‘zda tutilgan: ular jadvalga muvofiq — haftasiga 2−3 martadan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkaziladi, deyiladi hukumat rahbari tomonidan imzolangan hujjatda. Bundan tashqari, respublika miqyosidagi majlislar uchun yig‘ilishlar vaqtini 2 soatgacha, viloyat, tuman va shaharlar uchun 1−1,5 soatgacha qisqartirish bo‘yicha topshiriq berildi.

Prezident 2019-yil dekabr oyida “Byurokratik to‘siqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagan edi. Unda dam olish va bayram kunlari yig‘ilishlar o‘tkazishni taqiqlash, xodimlarga noodatiy vazifalar qo‘yish va boshqa chora-tadbirlar haqida so‘z yuritildi.

2020-yil fevral oyida hukumat davlat organlariga mehnat qonunchiligiga va xodimlarning mehnat huquqlariga rioya qilish bo‘yicha farmoyish chiqardi. Ish kuni tugaganidan keyin xodimlarni ushlab turish va dam olish kunlarida ishga jalb qilish taqiqlandi.

2021-yil yanvar oyida prezident yig‘ilishlardan birida shunday degan edi: “Keraksiz majlislarni o‘tkazishni tugatish kerak. Otbozorga aylanib ketyapti. Ba’zi rahbarlar majlisbozlik bilan kasal. Keraksiz majlislar o‘tkazadigan… 40 daqiqadan ko‘proq (majlis) o‘tkazadiganlar ishdan ketadi. Administratsiya va prezident yig‘ilishlaridan tashqari”.

2022-yil iyul oyida Mehnat vazirligi ish vaqtidan tashqari ishlarga jalb qilingan davlat xizmatchilarining mehnat huquqlarini himoya qilish bo‘yicha hujjat ishlab chiqilishini e’lon qildi. Vazirlik davlat organlaridagi vaqtni kuzatish tizimini mehnat inspeksiyasi serveriga ulash, shuningdek, ish vaqtidan tashqari vaqtlarda elektr energiyasi uchun oshirilgan tariflarni qo‘llashni taklif qildi.

Ushbu chora-tadbirlarga qaramay, davlat xizmatchilari qo‘shimcha ishlarga chaqirishda davom etmoqda va turli hududlardan dam olish kunlari ertalab yoki tunda yig‘ilishlar chaqirilgani haqida muntazam xabarlar keladi.